Shavkat Mirziyoyev IT sohasini rivojlantirish va davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbari 2024-yildan boshlab hududlarda IT-xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishini e’lon qildi.

Bunda IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi, iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi.

50dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15%gacha qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50%i kompensatsiya qilinadi.

Buning uchun kelgusi yilda 65 mlrd so‘m ajratilishi qayd etilgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi “IT Park"ni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘ba korxonalarini ochadi.

Umuman, yangi imkoniyatlar hisobiga 2024-yilda IT-xizmatlari hajmini 2 barobar oshirib, eksportini $800 mlnga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Vazirlik oldiga kelgusi yilda 8 mingta eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish, ularni IT kompaniyalaridagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanadi. 30 ming yoshlarni ingliz tiliga o‘qitib, IELTSdan kamida 7 ball, nemis va boshqa tillardan B2 sertifikati olishi uchun sharoit yaratiladi.

Davlat rahbari Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi IT-shaharcha loyihasini ma’qullab, shu tajriba asosida 2024-yil yakuniga qadar har bir tumanda shunday shaharcha yaratish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, AQShlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida kamida 20 ming nafar yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Mamlakatda BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yilgan.

Sentabr oyida tashkilotning mazkur hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.