20-dekabrdan OTMlarda qishki o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat oliy ta’lim muassasalariaro faqat quyidagi ikkita uzrli sabab asosida qishda o‘qishni ko‘chirish mumkin:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish istagidagilarga;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga (tegishli vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasi asosida).
Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar 20-yanvargacha taqdim etiladi:
- o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza;
- talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
- pasport nusxasi;
- yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
Bunda ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi.
Avvalroq talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 25-dekabrgacha uzaytirilgandi.