Senatning navbatdagi yalpi majlisida 2023-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan ilgari tasdiqlangan mamlakatning konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 3%dan 5,5%ga o‘zgartirilmoqda.
Shuningdek, yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida qonunda 2023-yil uchun hukumat nomidan va O‘zbekistonning kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi $4,5 mlrddan $5,5 mlrdga o‘zgartirilmoqda.
Bundan tashqari, prezident va hukumat topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakat budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari qo‘shimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda.
Xususan, 2023-yildan yangi tashkil etilgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, quyidagilar uchun yo‘naltirilishi belgilangan:
- bolalarni oziq-ovqat bilan taʼminlash;
- umumiy o‘rta taʼlim muassasalarini Finlyandiya tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari bilan taʼminlash;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni ortishi hisobiga budjetdan ajratiladigan subsidiya uchun xarajat qilinishi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha ravishda mablag‘lar QQS to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan va aholiga sotilayotgan mahsulotlar uchun subsidiyalar uchun yo‘naltirilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratilmoqda va ayrim xarajatlarni mahalliy budjetlar, vazirlik va idoralarga qayta yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, nafaqa oluvchi oilalar soni 2,1 mlndan oshgani (yil boshida 1,5 mln bo‘lgan) hisobiga ijtimoiy nafaqalar uchun xarajatlarga qo‘shimcha 1,8 trln so‘m ajratilmoqda.
Shu bilan birga, davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini DXSh asosida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish va modernizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarga 500 mlrd so‘m ajratilmoqda.
Senatorlar 2023-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan barcha o‘zgarishlar mamlakatdagi muammolarni hal etishga va ularni mablag‘ bilan taʼminlashga qaratilganligini qayd etib, hujjatni maʼqulladi.
Oktabr oyi oxirida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov 2024-yil uchun budjet YaIMga nisbatan 4% kamomad bilan tuzilganini qayd etgandi. Senatorlar tomonidan ma’qullangan budjet loyihasida defitsitning yuqori chegarasi 52,6 trln so‘m etib belgilandi.