Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda to‘lov intizomini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Loyiha bilan belgilangan obyektlarga ham tashqi reklama obyektlari uchun belgilangan oshirilgan koeffitsent qo‘llaniladi. Xususan,
- ochiq maydonlarda joylashtirilgan maxsus, vaqtinchalik yoki statsionar inshootlarga;
- binolar, inshootlarning tashqi yuzalariga, devorlarga, tomlarga, panjaralarga;
- ko‘cha jihozlari elementlariga, ko‘chalar va yo‘llarning qatnov qismida;
- AYoQShlarda joylashtirilgan video-ekranlar, elektron displeylar, media fasad, grafik, matnli yoki boshqa reklama ko‘rinishidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi;
- restoran, kafe, bar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan yon-atrofidagi daraxtlarga, konstruksiyalarga osilgan illyuminatsion va svetodiodli lampalar shodasi.
Bunda reklama obyektiga sarflanadigan elektr energiyasining hisobini alohida o‘rnatilgan elektr hisoblagich orqali amalga oshiriladi.
Tarmqolarga ulanish uchun elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) mos keladigan hisobga olish asboblari o‘rnatish 1-yanvardan yuridik va 1-apreldan esa maishiy iste’molchilar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Kelasi yildan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 100% oldindan to‘lov tizimi joriy etiladi. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarasiz va behuda foydalanganlik uchun qo‘llanilanigan iqtisodiy jarimalar qo‘llash tizimi takomillashtiriladi.
2024-yildan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov qilmagan yuridik iste’molchilarga hisob-kitob yetkazib berilgan gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffitsentda hamda ta’minot korxonasiga oldindan to‘lovsiz yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 10% miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, maishiy iste’molchilar va tadbirkorlardagi elektr energiyasini hisobga olish elektron asboblarini sotib olish iste’molchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan, ularni o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazish va plombalash hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablag‘lari hisobidan almashtiriladi.
Elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uy-joylar va xonadonlarda EHNATga ulanadigan elektr energiyasini hisobga olish asboblari iste’molchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olinadi. hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan esa o‘rnatilib, ro‘yxatga olinadi va plombalanadi.
Bu “Hududiy elektr tarmoqlar"ning moliyaviy imkoniyatlari va yangi iste’molchilar soni keskin o‘sib borayotkanidan kelib chiqib belgilanmoqda.
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar kelasi yilning 2-yanvarigacha qabul qilinadi.
Noyabrdan iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangandi.
Elektrdan ortiqcha foydalangan aholini energiyadan avtomatik o‘chirib qo‘yish amaliyoti vaqtincha to‘xtatildi.