Jizzaxda fuqaroni AQShga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.
Departamentning Forish tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur holat fuqaro A.X. tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
U fuqaro U.U.ning ishonchiga kirib, $17 ming evaziga Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborishini va’da qilgan. Shundan A.X. $10 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq fuqarolarni Meksika orqali Amerikaga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh bo‘lgandi. Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolar ishonchiga kirib, ularni AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi endilikda Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar mamlakatga kiritilmasligini ma’lum qilgan. Noqonuniy kirayotgan fuqarolar AQShga qo‘yib yuborilmasdan, ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.