Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif doirasida Raqamli boshqaruv markazida “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu strategiyada mamlakatni mintaqaviy “IT-HUB"ga aylantirish maqsadi belgilangan. Bu davlat boshqaruvi va sohalarni raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limni rivojlantirish kabi ko‘p omillarni talab etadi.
2017-yilda IT kompaniyalar soni 147ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 1 600taga yetgan. Ish o‘rinlari qisqa vaqtda 10 baravar ko‘payib, 24 mingtadan oshgan. 2017-yilda $600 ming bo‘lgan eksport hajmi joriy yil yakuni bilan $300 mlndan oshishi kutilmoqda.
Yagona portal orqali 8 mlndan ortiq aholi va tadbirkorlar 570 turdagi onlayn xizmatdan foydalanmoqda. Portal orqali davlat idoralari va ularning quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan 28 mlnta hujjat elektron ayriboshlangan.
Prezident bu tizim rahbarlarning ongi va mas’uliyatini o‘zgartirganini ta’kidlab, hujjatlar integratsiyasi va sifatini yaxshilash, ijro intizomi nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini $5 mlrdga yetkazish maqsadi belgilangan. Buning uchun hududlarda IT infratuzilmani va venchur bozorini rivojlantirish, “local to global” tamoyili orqali mahalliy korxonalarni eksportga olib chiqish, mamlakatda xalqaro kompaniyalarning ofislarini ochish kabi choralar ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, “IT Park” hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, shuningdek, bu sohaga 100 yillik qulaylik yaratish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat rahbari mamlakatning axborot texnologiyalari, turizm, investitsiya salohiyatini jamlagan yaxlit imijini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
So‘nggi 3 yilda IT o‘quv markazlari soni 300dan oshdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olib, sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar soni 1,2 mln nafarni tashkil etdi. O‘tgan yildan boshlab xalqaro IT-sertifikatlarga o‘qish xarajatlarini 50%gacha qoplab berish yo‘lga qo‘yildi. 215 ming nafar yoshlar xalqaro onlayn kurslarni bitirib, sertifikat oldi.
Bularni davom ettirgan holda, kelgusi yildan har yili 5 000ta iqtidorli yoshlarni saralash, o‘qitish hamda xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimi joriy etiladi. Xorazm viloyatida “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasida o‘qitish boshlanadi.
Umuman, IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni xalqaro kompaniyalar talabiga mos dasturlar asosida tayyorlash va ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shu yerda kosmik geoaxborot tizimi orqali suv omborlari hamda yer qa’ridan foydalanish holatlarini monitoring qilish dasturi haqida ma’lumot berildi. Prezident vazirlikning “UZINFOCOM” yagona integratori ofisida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
“Sizlar hozirgi islohotlarda bizning eng ishongan kuchimiz. Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat rivojlanmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda sun’iy intellekt asosida biometrik identifikatsiya qilish, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, elektr ta’minoti billingi bo‘yicha axborot berildi. Davlat rahbari ijtimoiy sohalar, ayniqsa, tibbiyot sohasining raqamli tizimini takomillashtirish, odamlarni rozi qilish zarurligini ta’kidladi.