Izzatulla Toshpulatov 2002-yil Farg‘onada tavallud topgan. U dastlab Samarqand davlat universitetining Dasturiy injenering fakultetiga o‘qishga kiradi. Ammo, bir yildan so‘ng o‘qishni tashlab, Toshkentdagi “PDP Academy“da ta’lim oladi. Hozirda Polshadagi Vistula universitetining 1-bosqichida tahsil olmoqda.

Izzatulla oldin “Exadel” kompaniyasida faoliyat yuritgan, yaqinda u “Visa"dan ish taklifini oldi va u yerda 2024-yildan ishlashni boshlaydi.


Dasturlashni o‘rganish men uchun muhim edi

Avval boshdan menda universitetda o‘qish xohishi bo‘lmagan. Ammo, tanlash zarurati bo‘lgani uchun Samarqand davlat universitetining Dasturiy injenering fakultetida to‘xtalganman. Dasturlashga qiziqishim esa aynan shu o‘qish davrida boshlangan — oliygohda C++ dasturlash tili asosiy dars sifatida o‘tilar edi.

Dastlab bu tilni o‘rganish, umuman bu sohaga kirish ancha qiyinchilik tug‘dirgan, ammo, keyinchalik qiziqish bilan o‘rgandim. Bir dasturlash tilini yaxshi o‘rganish, sizni boshqa yangi texnologiyalar va yangi yo‘nalishlar ustida izlanishga undaydi, shu sabab men ham C++ qatorida HTML, CSS , JS texnologiyalari va boshqa tillarini qiziqib o‘rganishni boshladim.

2021-yil yoz oylarida O‘zbekistondagi akademiyalardan biri “PDP Academy” da “Unicorn” granti haqida eshitib qoldim. Unda g‘olib bo‘lganlar bir joyda jamlanib, dasturlash intensiv shaklda o‘rgatiladi va shu sohada ish topishlariga yordam beriladi.

Oldiniga imkoniyat va qobiliyatlarimni noto‘g‘ri baholaganman, bu loyihaga qabul qilinishimga ko‘zim yetmagan va tavakkal qilib topshirib ko‘rganman. Harakatlarim befoyda ketmadi va men ham o‘qishga qabul qilindim.

Shundan so‘ng universitetdagi o‘qishimni tashlab, Toshkentda o‘qish uchun akademiyaga kelganman. Sababi bir vaqtning o‘zida ikkalasini ham uddalashning imkoni yo‘q edi.Akademiyada mentorimiz bizga Java Backend Development kursidan ta’lim berdilar.

dasturchi, java, visa, xorijdagi o'zimiznikilar

Bu sohaga qizishim va iqtidorim, qattiq mehnat va o‘rganish orqali, 2021-yil fevral oyida “Exadel” kompaniyasida ikki oy amaliyot o‘tab, keyinchalik u yerda software engineer lavozimida ish boshladim.

Bir yildan ko‘proq faoliyatimdan so‘ng, sohada yanada yuqori natijalarga erishish, yangi ilmlarni o‘rganishga bo‘lgan xohish meni chet davlatlariga chiqishga va yangi chaqiriqlarni qarshi olishga undadi.

Dasturlashni tanlashimdan asosiy maqsadim uyda, erkin grafik asosida ishlashni yoqtirganim bo‘lgan. Chunki, bundan oldin ko‘p sohalarda — marketingda, iqtisodiyot, bank sohalarida o‘zimni sinab ko‘rganman. Ularning barchasida ofisdan 8 soatlab ish olib borar edim. Bu esa menga ijod qilishga xalaqit qilgan. Keyin mana shu dasturlash haqida ko‘pgina mutaxassislar fikri menda qiziqish uyg‘otgan.

Amerika emas, Polsha

Amerikaga keta olishimga ko‘zim yetmagan, ammo, Sharq davlatlari ham negadir qiziqish uyg‘otmadi. Men uchun Yevropa ishonarli va qiziqarliroq variant edi. Lekin, unda ham davlatlar ko‘p, aynan qayerga va qaysi sabab bilan borishni bilmas edim.

Ko‘p izlanishlar va qidirishlardan keyin, hamkasbim Tohir Solievning o‘sha paytda Polshaga magistraturani o‘qish uchun borib, ham ishlab ham o‘qiyotganini eshitib qoldim. O‘zimga “bo‘ldi, men ham Polshaga borib, ham o‘qib ham ishlayman” — dedim-da, yoz oyining boshlarida o‘qishga topshira boshladim.

Oliygoh tanlashda shartnoma to‘lovi nisbatan arzonroq bo‘lgani uchun — “Vistula” universitetini tanladim. O‘qishga topshirish juda oson va tez, lekin viza olish masalasi haligacha uzoq vaqt oladigan, qiyin hamda natijasi aniq bo‘lmagan jarayon bo‘lib ko‘ringan. Ammo, ma’lum vaqtdan keyin vizani oldim va avgust oyi boshida Polshaning poytaxti Varshavaga yetib keldim. Tohir aka menga Polshada turar-joy masalasi va adaptatsiya jarayonida qo‘lidan kelgan barcha yordam va maslahatlarni berdilar.

dasturchi, java, visa, xorijdagi o'zimiznikilar

Bu yerda infrastruktura ancha taraqqiy etgani, texnologiya nisbatan rivojlanganligi hamda ekologiyaga e’tibor ancha kuchliligi e’tiborimni tortdi. Shu bilan birga, ham o‘qib, ham ishlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Yevropadagi boshqa davlatlarga nisbatan yashash arzon. Varshavaga kelsak, poytaxtda osmono‘par binolar juda ko‘p, havosi toza, gavjum shahar. Davlatda yashash uchun tilni boshlang‘ich darajada bilish yetarli, chunki, yoshlarga qaraganda o‘rta yosh qatlamining ingliz tilini bilish darajasi pastroq.

Dasturchilarning daromadlari

Ilk rasmiy ish faoliyatim “Exadel” kompaniyasining Toshkentdagi filialida boshlangan. Dastlabki daromadim $500-$1000 oralig‘ida bo‘lgan. Hozirgi daromadim esa oldingisidan 5−6 marotaba ko‘p.

Dasturchilik kasbi orqali qancha daromad topish ko‘plab faktorlarga asoslanadi, jumladan, ishlayotgan kompaniyangiz, sohadagi tajribangiz, hamda darajangizga bog‘liq. Mana shu faktorlar hamda tanishlarimdan eshitganlarim asosida quyidagi ma’lumotlarni bo‘lishmoqchiman:

  • O‘zbekistonda — sohada tajribasi yo‘q yoki 1−2 yil tajribaga ega xodimlar (junior)ning aksariyati oyiga $500-$1600, nisbatan tajribaliroq (middle-senior)lar esa $2000-$8000 atrofida daromad topishlari menga bevosita ayon.
  • Polshada — narxlar nisbatan balandroq, yuqoridagiga mos ravishda $1000-$2800 dan $3000-$12000 atrofida.

Bonuslar. “Exadel"da xodimlar uchun yetarlicha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan:

  • uydan ishlash imkoniyati;
  • erkin ish grafigi;
  • ish uchun kerakli technical devices (notebook, monitor)lar ta’minoti;
  • team-buildinglar;
  • sohada rivojlanish uchun yillik budjet;
  • poytaxtda shinam ofis kabilar shular jumlasidan.

“Visa” dagi ish faoliyatim 2024-yil yanvar oyidan boshlanadi. Hozirgacha men uchun aniq bo‘lgan imkoniyatlar:

  • yillik kompaniya bonusi — 9−18% yillik daromaddan;
  • lunch allowance fixed budget (obed puli);
  • uy va ofis jihozlari uchun mablag‘;
  • o‘qish kontrakt to‘lovi va boshqa kurs yoki ta’lim uchun yillik yetarli summa va yana bir qancha bonuslar.

“Visa” dan taklif

Polshaga kelganimdan buyon juda ko‘p kompaniyalarga ish uchun hujjat topshirib, rad javobi olganman. Oktyabr oyi boshida “Visa talent acquisition team"dan “LinkedIn"dagi profilimga xabar yozishgan va menga hozirda kompaniyada men uchun mos pozitsiya borligi va qiziqib ko‘rishimni tavsiya qilishgan. Harakat qilish jarayoni ikki oydan ko‘proq vaqt davom etgan. Bir qancha intervyulardan so‘ng, dekabr oyi boshida ish bo‘yicha taklif oldim.

Intervyularga tayyorlanish jarayoni menda qanday bo‘lgan:

  1. “OCP: Java SE 17 Developer” by Scott Selikoff, Jeanne Boyarsky kitobi Java dasturlash tilidagi bilimlarimni yanada mustahkamlagan.
  2. LeetCode platformasida 500 tacha masalalarni Data Structures va Algorithms borasidagi bilimlarimni oshirish uchun ishlaganman.
  3. “System Design Interview” by Alex Xu kitobi System Design boshlang‘ich bilimlarini olish uchun kerak bo‘ladi.
  4. System Design by Donne Martin github repositorysi, System Design bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirish uchun.
  5. SQL, Spring, Kafka, Microservices va AWS kabi texnologiyalar hujjatlari va bir qancha Udemy kurslar.

dasturchi, java, visa, xorijdagi o'zimiznikilar

Xatolar va saboqlar

Bir paytlari o‘z ustimda ishlashni to‘xtatib qo‘yganim — mening eng katta xatom deb bilaman. Software Engineer doimiy o‘z ustida ishlashi kerakligi, aks holda bu raqobatli bozorda “non” topa olmasligi qanchalik to‘g‘ri ekanligini o‘zim uchun allaqachon isbotladim.

Ingliz tili bizning so‘zlashuv tilimiz bo‘lmagani uchun, doimiy til ko‘nikmalarimiz ustida ishlashimiz kerak. Tilni yaxshi bilish nafaqat dunyo bozoriga kirishda, shu bilan birga, dasturlashni osonroq o‘rganish hamda nisbatan ko‘proq daromad topish uchun imkoniyat yaratadi.

Barcha uchun haligacha qiziq bo‘lgan savolga kelsak, “Universitet diplomi qanchalik kerak” — bu savolga mening “Yo‘q, kerak emas” — degan javobim oxirgi yil ichida o‘zgargan. Shaxsan, yaxshi imkoniyatlardan shunchaki diplomim yo‘qiligi uchun rad etilgan joylarim talaygina. Chunki, aksariyat joylarda sohada bakalavr diplomi haligacha davlat talabi.

O‘zbekistonda dasturchilarga talab katta

O‘zbekistonda dasturchilikni o‘rganish yetarlicha PR qilindi. Yoppasiga dasturlashni o‘rganishga talab yuqori darajada o‘sib ketdi. “Qisqa muddatda $1000 lik ish haqi”, “uydan turib yuqori daromad” va shu kabi qisqa vaqt ichida osongina ko‘p daromad topishga undovchi reklamalar juda ko‘p.

Bularning barchasi to‘g‘ri. Lekin uning ortida juda katta intensiv mehnat, yetarlicha ingliz tili, hamda mantiqiy fikrlash, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish yotadi. Bozor talablari reklamadagidan ancha yuqori va ko‘p harakatni talab qiladi. Shu yo‘nalishda o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan barchaga shuni aytmoqchimanki, bu sohaga kirar ekansiz, yuqorida aytib o‘tganlarimga tayyor turing.

Kelajakdagi rejalar. Odatda rejalarimni boshqalarga aytishni yomon ko‘raman, lekin bittasini aytishni joiz topdim: oliygohda o‘qigan yillarim C++ da birinchi marta “kvadrat tenglamaning ildizlarini topish dasturi"ni yaratganimda oldimga “Google” kompaniyasida principal engineer bo‘lib ishlashni maqsad qilganman.

Halicha bu maqsadim o‘zgargani yo‘q. Buning uchun yaqin besh yillik rejalarimni ham tuzganman. Aytganimdek, bu kichik bir maqsad, inson u bilan to‘xtab qolmasligi kerak.

Qancha harakat qilsak ham, barchamizda yetarli tajriba va ko‘nikmalarni shakllangach, ularni o‘z yurtimizda shu sohaning rivojlanishi yo‘lida sarflash burchi bor, shuni unutmasligimiz kerak.