Avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishi ma’lum qilingandi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi buyurtmalar faqat onlayn tarzda berilishi va dilerlik markazlari savdo tizimidan uzilishi haqida ogohlantirdi. Biroq, belgilangan vaqtda kompaniyaning savdo tizimidan foydalanish cheklandi.
Savdo.uzavtosanoat.uz saytiga kirishda qiyinchiliklar bo‘lmoqda, “UzAvtoSavdo” “Telegram"-boti esa yangilanishni to‘xtatdi. Shuningdek, ilovada avtomobil sotib olish sahifasini ochmoqchi bo‘lganingizda, xatolik haqida xabar paydo bo‘ladi.
Soat 12:56da “UzAuto Motors” matbuot xizmati “UzAutoSavdo” platformasi faoliyatida texnik nosozlik sababli uzilishlar kuzatilayotgani haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya mutaxassislari tomonidan mazkur uzilishlar bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bungacha “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.
Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” avtomobillari uchun shartnomani qanday onlayn rasmiylashtirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.