Transport vazirligi tomonidan Toshkent shahri jamoat transporti uchun “Yashil shahar” infratuzilmasi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu Global energiya fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “Toshkent — Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” (TAILEV) dasturining bir qismi hisoblanadi.
Uning doirasida 2025-yilgacha poytaxt ko‘chalarida 36ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ularning umumiy uzunligi 475 kmni tashkil qiladi.
Shuningdek, poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etilishi rejalashtirilgan yashil transport yo‘lagining konsept-dizayni, matematik modeli va uning asosida texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi.
Uni ishlab chiqishda nogironlar, keksalar, bolalar va ayollarning transport infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojlari hisobga olindi, deyiladi xabarda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi yo‘lak bo‘ylab transportning o‘rtacha tezligini 11%ga oshiradi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmi 12,3%ga kamayadi.
Yo‘lakning ishga tushirilishi hisobiga har kuni yo‘lovchilar va transport vositalari egalarining 3318 soat vaqti tejaladi. Bundan tashqari, yiliga yoqilg‘i sarfi 2,6 mln litrga kamayib, bu yiliga 21,2 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga olib keladi.
Toshkentda “yashil yo‘lak” yaratish rejalari 2022-yil oktabr oyida ma’lum bo‘lgandi. Global iqtisodiy jamg‘arma tashabbusni amalga oshirish uchun $3,57 mln, BMTTD esa $300 ming miqdorida grant ajratishi belgilangandi.
Avvalroq hukumat qarori bilan 2024-yilda Transport vazirligida “yashil” transport bo‘linmasini tashkil etish hamda tramvay va trolleybuslarda yo‘l haqini to‘lashni avtomatlashtirish topshirilgandi.