Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “ACWA Power” kompaniyasiga O‘zbekistondagi loyiha uchun yangi kredit ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Saudiya Arabistoni kompaniyasi Toshkent viloyatida 200 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiya va 500 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimi qurilishini moliyalashtirishga jalb qilishni kutmoqda. Loyiha bo‘yicha hukumat bilan mart oyida kelishuvga erishilgandi.
Loyihaning umumiy qiymati $546,3 mlnga baholangan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun YeTTB o‘z mablag‘idan $140 mlngacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.
Kredit mablag‘lari loyihaga mas’ul bo‘lgan “ACWA Power Riverside Solar” kompaniyasiga ajratilishi belgilangan. Xususan, boshqa tijorat banklari ishtirokida (A/B krediti) birgalikda moliyalashtirish tamoyili asosida ajratiladi.
Loyihani amalga oshirish umumiy ishlab chiqarish quvvatini oshirish bilan birga “yashil” energiya manbalarining ishonchliligi ortishiga yordam berishi kutilmoqda. Energiyani saqlash fotopanellarning doimiy ishlamasligi muammosini hal qiladi.
Kelishuv doirasida umumiy quvvati 1,4 GVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan, shundan 1 GVt Samarqand viloyatida, 400 MVt esa poytaxt viloyatida tashkil etiladi. 400 MVt quvvatga ega saqlash majmualari ham dastlab xabar qilingan.
“ACWA Power” O‘zbekistonda turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, kompaniya Qoraqalpog‘istonda 1,5 GVt va 100 GVt quvvatli ikkita shamol elektr stansiyasini qurishi belgilangan. Buxoro viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurilishini olib bormoqda.
Noyabr oyida kompaniya Qoraqalpog‘istonda energiya saqlovchi yana 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Bundan tashqari, “ACWA” Chirchiqda yashil vodorod ishlab chiqarishga $88 mln sarmoya kiritadi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Sirdaryo viloyatida “ACWA” ishtirokida qurilgan 1,5 GVt issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.