Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi besh yilda ushbu uchta tarmoqda ishlab chiqarish 2,6 barobar oshib, ularning sanoatdagi ulushi 7%ga yetgan. Shuningdek, 231 turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, eksport $1,6 mlrdni tashkil etgan.

Joriy yilning o‘zida elektrotexnikada $163 mlnlik 39ta, kimyo sanoatida $70 mlnlik 17ta va farmatsevtikada $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi.

Tarmoqlarda foydalanilmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi qayd etildi. Ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish elektrotexnikada 50%ga, kimyo sanoatida 40%ga, farmatsevtikada 18%ga ham yetmaydi.

Hududlarda tashkil qilingan zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. 116ta korxonaga olib kelingan $85 mlnlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turibdi. 727ta korxona to‘liq quvvatda ishlamayapti. Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi.

“Hokimliklar sanoat tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqlikda ishlab, hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi, loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Shundagina joylarda iqtisodiy o‘sish, ish o‘rni, budjetga tushum bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda mazkur 3 tarmoqda $12,7 mlrdlik 24ta yirik loyiha boshlanishi qayd etildi. Bular qatorida “Navoiyazot"da polivinilxlorid va Qo‘ng‘irotda kalsiylangan soda quvvatlarini kengaytirish, Qorako‘lda metanoldan olefin olish, Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish loyihalari bor.

Davlat rahbari bu loyihalarga kerak bo‘ladigan qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib berishga mahalliy korxonalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, tarmoq va hududlar birgalikda ishlab, elektrotexnikada $2,1 mlrdlik 190 ta, kimyo sanoatida $3,8 mlrdlik 139ta, farmatsevtikada $1,5 mlrdlik 110ta o‘rta va kichik loyihalarni shakllantirgan.

Yig‘ilishda prezident ularning quvvati, yaratiladigan mahsulotlar turi va ish o‘rniga e’tibor qaratib, loyihalarni tezlashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilar loyihalar ijrosi, hududlar va tarmoqlarning o‘zaro bog‘langan ish tizimi yuzasidan axborot berdi.

Avvalroq davlat rahbari eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 turdagi dorini O‘zbekistonda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35%ga yetkazish kerakligini qayd etgandi. Sohada $1,5 mlrdlik 173ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularni moliyalashtirish uchun $600 mln yo‘naltiriladi.

Elektrotexnika sanoatida texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln yo‘naltirilishi belgilandi.

Oktabr oyida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirilgandi. Kelasi yildan bu turdagi mahsulotlarini 10 yilgacha muddatga sotib olish mumkin bo‘ladi.