O‘zbekistonda onlayn ta’limning rivojlanishi, ommalashishiga turtki bo‘lgan palla pandemiya davri bo‘ldi. Covid-19 paytiyoq ta’lim tizimida masofaviy usullardan foydalanish kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.

2022-yilning oktabrida hukumat qarori bilan OTMlarda masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan davlat va xususiy oliygohlarga masofaviy ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga ruxsat berildi.

Mutaxassislar onlayn ta’limning samaradorligini bir nechta omillar bilan izohlagan. Xususan, ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshirishi, nogironligi bo‘lganlarga oliy ta’lim imkoniyatlarni taqdim etishi hamda mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirishi shular jumlasidan.

Xususiy ta’limni tashkil etish ham oldingi davr bilan taqqoslaganda ancha yengillashdi. 2022-yilning 19-oktabridagi hukumat qarori bilan nodavlat professional ta’lim litsenziyasini olish talablari va shartlari soddalashtirildi.

Xususan, nodavlat ta’lim tashkilotlarining professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun bankdagi hisobvarag‘iga qo‘yiladigan mablag‘ miqdori 2 baravarga — $50 mingdan $25 mingga qisqartirildi. Shuningdek, ular uchun davlat mulki obyektlarini ijaraga olishning eng ko‘p muddati 5 yildan 10 yilgacha uzaytirildi. Bu ham joriy yilda xususiy ta’limning rivojlanishiga bir turtki bo‘ldi.

HEMIS axborot tizimida keltirilgan ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda faoliyat yuritayotgan nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 74tani tashkil etadi.

Joriy yilning iyul oyida qabul qilingan prezident qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarining reytingi ular faoliyati va ta’lim jarayoniga aralashmagan holda ma’lumotlarni axborot tizimi orqali olish yo‘li bilan yuritilishi belgilangan.

Kelasi yildan reyting davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bo‘yicha umumiy aniqlanadi. 2025-yildan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kvota ularning mazkur reytingdagi o‘rniga qarab ajratiladi.

“Spot” o‘tib borayotgan yilni sarhisob qilishda davom etadi. Bu safar O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim va onlayn kurslar qanday rivojlangani hamda sohada qanday muammolar kuzatilgani, shuningdek, 2024-yilda nimalar kutilayotgani haqida so‘z yuritiladi.

Ekspertlar — “Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamov, TEAM universiteti bosh direktori Abdurasul Yusupov, “Lerna” EdTech-platformasining MDH bo‘yicha bosh direktori Dmitriy Gavdur hamda “ALPHA” ta’lim platformasi hammuassisi Alisher Jumaniyazov.


Xususiy ta’limda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamovning fikricha, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston xususiy ta’lim sektorida ancha rivojlanish kuzatildi, biroq bu ko‘rsatkichlar ikkinchi chorakda pastga qarab ketishni boshladi.

“Xususiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida raqobat muhiti ancha jonlangan bo‘lsa-da, davlatning bu sektordan o‘zaro qo‘rquvi avj ola boshladi. Ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish vakolati vazirlikka o‘tgach xususiy oliy ta’limning davlat oliy ta’limi bilan raqobati bir muncha pasaydi”, — deydi Bektosh Hatamov.

onlayn kurslar, xususiy ta'lim, yil yakunlari

Foto: Bektosh Hatamovning shaxsiy arxividan

Vazirlik ba’zi xususiy oliy ta’lim muassalarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha ham sudga da’vo kiritdi, ammo sudlarda vazirlik yutqazdi. Lekin birinchi instansiya sudining hali kuchga kirmagan qarorlarini va o‘sha oliygohlarning litsenziyasi bekor qilinganini jamoatchilikka e’lon qildi, bu esa jamoatchilikda xususiy oliy ta’limga bo‘lgan ishonchni murtlashtirib qo‘ydi.

Regulyator OTMning mulkchilik shaklidan qat’i nazar, oliy ta’lim sohasida yagona siyosat olib bormoqda, deydi TEAM universiteti bosh direktori Abdurasul Yusupov.

Sohadagi islohotlar va ko‘plab yangi nodavlat OTMlarning paydo bo‘lishi sabab, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi eng mo‘tadil hisob-kitoblarga ko‘ra, 40%ni tashkil etadi, ba’zilariga ko‘ra esa 50%dan (hisoblash metodologiyasiga qarab) oshadi.

Abdurasul Yusupovning fikricha, bu boradagi eng katta muammo nodavlat va davlat universitetlaridagi ta’lim jarayonining sifatini ta’minlashdir.

“Universitetimizda xalqaro biznesni boshqarish va raqamli innovatsiyalar bilan bog‘liq yo‘nalishlar an’anaviy ravishda katta talabga ega. Menimcha, xuddi shu narsa boshqa xususiy universitetlarga ham xos. Hozirgi vaqtda texnik ta’limga talab kam, bu esa yuqori kirish chegarasi (maxsus asbob-uskunalar, laboratoriyalar sotib olish va h.k.) bilan bir qatorda nodavlat OTMlarga bunday dasturlarning ko‘p sonini taklif qilish uchun yetarlicha rag‘bat yaratmaydi”, — deydi u.

onlayn kurslar, xususiy ta'lim, yil yakunlari

Foto: Abdurasul Yusupovning shaxsiy arxividan

Bektosh Hatamov talabalar mutaxassis bo‘lish uchun xususiy oliy ta’limni tanlay boshlashgani, aksariyatlarida diplom uchun o‘qishdan ko‘ra o‘z kasbining mutaxassisi bo‘lish ishtiyoqi birinchi o‘ringa chiqa boshlaganini qayd etdi. Bu esa davlat oliygohlariga raqobatni keltirib chiqardi.

“Oldinlari biz davlat oliygohlarini o‘zi reklama qilganini ko‘rmaganmiz, lekin o‘tgan qabul davrida bir qancha davlat oliygohlari ham turli kanallar orqali reklama qilishni boshladi. Bu nimadan darak beradi? O‘z-o‘zidan bozorda raqobat muhiti shakllanmoqda”, — deydi Hatamov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat bu holatda raqobatdan qo‘rqmasligi, balki unga keng yo‘l ochib berishi kerak. Shuningdek, vazirlik davlat oliygohlarining himoyachisi bo‘lish vazifasidan voz kechishi zarur.

TEAM universiteti bosh direktori oliy ta’lim bozori juda raqobatbardoshligidan kelib chiqib, shartnomalar narxi talab va taklif asosida shakllanishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ko‘plab grantlar va imtiyozli ta’lim kreditlari ham mavjud.

“Universitetimiz 2020-yildan buyon faoliyat olib kelmoqda va hozirgi sharoitda o‘zini qulay his qiladi. TEAM nodavlat oliy o‘quv yurti bo‘lishiga, shu bilan birga, davlatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam olmasligiga qaramay, uch yildan buyon nodavlat OTMlar uchun davlat granti dasturida qatnashib kelyapmiz. Mazkur dastur eng yuqori ball to‘plagan va o‘qishdan keyin ma’lum yillar davomida davlat uchun ishlashga rozi bo‘lgan talabalarning oliy ma’lumot olishini davlat tomonidan moliyalashtirishni nazarda tutadi Bu barcha tomonlar uchun win-win deganidir”, — deydi Abdurasul Yusupov.

Davlat iqtidorli talabalarni qabul qiladi, universitet sizga u yerda o‘qiy olmaydigan talabalar uchun qamrovni yaxshilashga imkon beradi va talabalar to‘rt yil davomida o‘qishga e’tibor qaratishlari va universitetni tugatgandan keyin ham ish haqida o‘ylamasliklari mumkin.

Bektosh Hatamov nodavlat ta’lim sohasida davlatdan hech qanday yordam zarur emasligini ta’kidlaydi.

“Davlatdan halaqit bermaslikning o‘zi katta yordam. Masalan, „Profi University“ litsenziyasiga bitta binomizni qo‘shib olish uchun sal kam olti oydan beri halakmiz. Arzimagan xatolar bilan arizalarimiz rad etilmoqda. Bir arizamiz bino hududining 20 metr qismi panjara bilan o‘ralmagani uchun rad etildi. Tushunyapsizmi, panjara bilan o‘ralmagani uchun, panjaraning ta’limga nima aloqasi bor? O‘ylab o‘yingizga yetolmaysiz”, — deya fikrini qayd etdi u.

Onlayn-kurslar qanday rivojlanmoqda?

Mamlakatda onlayn kurslarga talab juda yuqori. Chunki, bugun sohalar, kasblar zamonaviylashib, yangilari yuzaga kelmoqda. Mutaxassislardan ham yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish talab qilinmoqda.

“Lerna” ma’lumotlariga ko‘ra, platformada joriy yilning birinchi yarmida o‘zbekistonliklar orasida dasturlash va marketing bo‘yicha onlayn kurslar kamroq ommalashdi. Ko‘pincha o‘rta yoshdagi odamlar (25−45) game-dizaynga qiziqish bildirgan.

O‘zbekistonda odamlar hali ham oflayn rejimda o‘rganishga ko‘proq ishonishlariga qaramay, onlayn kurslar yil sayin talabgir.

“Spot” bilan suhbatda bo‘lgan “Lerna” EdTech-platformasining MDH bo‘yicha bosh direktori Dmitriy Gavdur o‘zbekistonliklarning onlayn ta’limni tanlashdan asosiy sabablari qulay ta’lim jarayoni hamda amaliy bilim va raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatida ekanligini ta’kidladi.

onlayn kurslar, xususiy ta'lim, yil yakunlari

Foto: Dmitriy Gavdurning shaxsiy arxividan

Platforma tomonidan o‘tkazilgan ichki tadqiqot natijalari odamlar universitetda olgan bilimlarining faqat 40%idangina o‘z kasbiy faoliyatlarida foydalana olishini ko‘rsatgan.

Hududlar bo‘yicha dinamikaga qaraydigan bo‘lsak, IT sohasida Python, 1C rivojlanishi va kiberxavfsizlik kurslari mashhur bo‘ldi. Odamlarning DevOps va PowerBIga qiziqishi sezilarli darajada oshdi. Bunday tendensiya sohada raqobatning yo‘qligi va investorlarning mahalliy startaplarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq.

“Siyosiy vaziyatni inobatga olgan holda, boshqa mamlakatlardan mutaxassislar O‘zbekistonga ko‘chib kela boshladi, mahalliy IT-guruhlar qaytib, sohani rivojlantirishga kirishdi, natijada, bozor asta-sekin professionallar bilan to‘la boshladi”, — dedi Dmitriy Gavdur.

“ALPHA” ta’lim platformasi hammuassisi Alisher Jumaniyazov esa O‘zbekistonda onlayn ta’lim sohasi endigina rivojlana boshlagan bo‘lsa-da, uning paydo bo‘lishining dastlabki belgilari allaqachon kuzatilayotganini ta’kidladi.

“ALPHA"da 2020-yilda, hatto pandemiyadan oldin onlayn kurslar bilan tajriba o‘tkaza boshlaganmiz. Pandemiya davrida bir nechta kurslar eksperimental ravishda ishga tushirildi. Shundan buyon, so‘nggi 3 yil ichida vaqti-vaqti bilan turli xil onlayn kurslarni yo‘lga qo‘yishga harakat qildik, natijada o‘quvchilarimizning 99%i hali ham “ALPHA"ning o‘zida — oflayn kurslarda tahsil olishmoqda”, — dedi u.

onlayn kurslar, xususiy ta'lim, yil yakunlari

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Alisher Jumaniyazov onlayn ta’lim bozorida o‘z xizmatlarini taqdim etayotgan, O‘zbekistonga kirib kelayotgan boshqa kompaniyalarga to‘xtalib, joriy yilda bir nechta “yorqin loyihalar”, ayniqsa IT kurslar namoyon bo‘lganini qayd etdi.

Xususan, Jumaniyazov, ular orasidan “Mohirdev"ni alohida ta’kidladi. “EPAM” ishtirokida “IT Park"dan birinchi onlayn universitet ishga tushirildi. Rossiya loyihalari ham bozorga kirdi. Masalan, “Skillbox” faol ravishda ilgari surilmoqda.

Mamlakatda onlayn kurslar bilan birga, boshqa edtech yechimlaridan, masalan, “Modme” o‘quv markazlari va Rossiyaning “iSpring” platformalaridan bir necha yillardan buyon O‘zbekiston kompaniyalari o‘z xodimlarini o‘qitishda faol foydalanmoqda.

“Bularning barchasi nimani anglatadi? Onlayn ta’lim va edtech sohasiga o‘tayotgan tadbirkorlar, bozorga qiziqish bildirgan va hatto bu yerda faoliyat yuritayotgan xorijiy loyihalar mavjud. Mamlakatda 30 mlndan ortiq aholi istiqomat qilayotgani hisobga olinsa, ularning 20 mlndan ortig‘ini 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishi ajablanarli emas. Ammo ko‘pchilik hali ham oflayn o‘qishni, universitetlarda ta’lim olishni afzal ko‘radi yoki turli kurslar orqali kasbga egallashga umuman odatlanmagan”, — ta’kidladi Alisher Jumaniyazov.

Dmitriy Gavdur 2023-yilda hukumatning raqamli infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganini muhim deb biladi. U buning natijasini ko‘plab odamlarning internetdan foydalanish va masofadan turib ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lgani bilan izohlaydi. Bu esa mamlakatda onlayn ta’limning rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.

Xususan, “Lerna” edtech-platformasi o‘tib borayotgan yilda MDHda brendni rivojlantirishni davom ettirdi. “Lerna” korporativ biznes uchun yechim, “Skillbox”, “GeekBrains” hamda “Skillfactory” kabi ta’lim platformalarining kurslari va dasturlarining esa agregatori hisoblanadi.

Platforma IT, dizayn, menejment, marketing kabi sohalar bo‘yicha ma’lumot olish imkonini beradi. Bundan tashqari, platforma hamkorlari kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yosh mutaxassislarga ish bilan bog‘liq masalalarda (rezyumelarni tuzishda yordam berish, suhbatlarga tayyorgarlik ko‘rish) yordam berishadi.

“Bizning asosiy maqsadlarimiz biznesni kengaytirish va „Lerna“ brendini ommalashtirishdir. GR dasturlarini ishlab chiqish, mahalliy ekspertlar ishtirokidagi vebinar va „GeekSchool“ onlayn platformasi doirasida bolalar yo‘nalishi ustuvor hisoblanadi”, — dedi Dmitriy Gavdur.

2023-yilda platformani yaxshilash ishlari davom ettirildi. Jumladan, funksionallik qo‘shilib, yangi vendorlar jalb qilindi. Shuningdek, ballar ko‘rinishidagi cashback bilan bonus dasturi joriy qilindi. Ulardan kurslarni sotib olayotganda foydalanish mumkin.

“Agar biznesingiz va karyerangizda rivojlanishni istasangiz va raqobatbardosh bozorda tobora ko‘proq insonlarni o‘qitishga sarmoya kiritmoqchi bo‘lsangiz, doimiy ravishda rivojlanishingiz juda muhimdir. Eng ommabop kursimiz, marketing bo‘yicha kursimizni noldan o‘rgatuvchi marketing maktabini onlayn va gibrid formatga o‘tkazganmiz. Shuningdek, nafaqat rus, balki o‘zbek tilida ham kurslarni yo‘lga qo‘ydik”, — deya ta’kidlaydi Alisher Jumaniyazov.

Joriy yilning kuzida “Alpha” biznes maktabi Rossiyaning EdTech kompaniyasi “Yandex Praktikum” bilan test loyihasini ishga tushirdi. Loyiha talabalar va bitiruvchilarga, shuningdek, korporativ mijozlar, yirik kompaniyalarga platforma orqali treninglar o‘tkazish, ular xodimlari uchun malaka oshirish va tajribali mutaxassislardan o‘rganish imkonini beradi.

Alisher Jumaniyazovning ma’lum qilishicha, kelgusi yilda mazkur sinov natijalariga ko‘ra hamkorlikning keyingi variantlari ko‘rib chiqiladi.

Kelasi yilda nimalar kutilmoqda?

Bektosh Hatamovning fikricha, kelgusi yilda xususiy ta’lim bozori orqaga ketishni boshlaydi, chunki tavakkal qilishni olqishlaydigan instrumentlar kam, “aksincha qanchalik katta tavakkal qilsangiz, shunchalik katta to‘siqlar qo‘yilmoqda”, deya so‘zini yakunladi.

Abdurasul Yusupov ham yangi yilda ko‘plab yangi universitetlar paydo bo‘lishini kutmayapti. Aksincha, mavjud universitetlar o‘zlarining ta’lim mahsulotlarini diversifikatsiya qilishga harakat qiladi.

“Oliy ta’limni xalqarolashtirish tendensiyasi davom etadi. Bugun biz sanoat 4.0 va uning universitet ta’limiga ta’siri haqida ko‘p gapiramiz. Ishonamanki, bu butun sektor uchun nafaqat katta masalalar, balki keng imkoniyatlarni keltiradi”, — dedi Yusupov.

Alisher Jumaniyazov kelayotgan 2024-yil onlayn ta’lim uchun burilish nuqtasi bo‘lishini kutmoqda.

“Buning sababi juda oddiy — aynan „Uzum Market“ iste’molchi ana’nalarini o‘zgartirib, onlayn sanoatda inqilob yasadi. „Uzum“ sabab butun O‘zbekiston bo‘ylab 1 mlndan ortiq odam onlayn xariddan foydalangan (va bu ko‘rsatkich yanada o‘sib bormoqda)”, — dedi u.

Alisher Jumaniyazov internet va onlayn xizmatlarga ishonch shu tariqa paydo bo‘lishini ta’kidladi. Dastlab, odamlar tovarlarni onlayn xarid qilishni boshlaydi, keyin esa boshqa xizmatlardan foydalanishni boshlashadi, masalan, onlayn kurslarni sotib olishadi.

“ALPHA” ta’lim platformasi hammuassisi onlayn ta’lim mamlakat va uning onlayn ta’lim tizimiga katta yordam berishini ham baholamoqda. Yuqoridagi tendensiyaga ham kompaniya ijobiy qaraydi.

“Tasavvur qiling-a, butun mamlakat bo‘ylab millionlab o‘zbekistonlik sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ishonchim komilki, bu sohaga katta sarmoyalar yo‘naltirilib, ko‘plab turli loyihalar tashkil etiladi. Tabiiyki, ularning hammasi ham yuqori sifatli bo‘lmasligi mumkin, lekin sanoat juda raqobatbardosh va oxirida eng kuchlisi bozorda g‘alaba qozonadi”, — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, kompaniyalar sifatga sarmoya kiritishlari va doimiy ravishda uni yaxshilashga harakat qilishlari kerak.

Onlayn kurslar universitetlar o‘rnini to‘liq bosa olmaydi, biroq, ular zamonaviy ko‘nikmalar, kasb-hunarlarni egallash, yangilanish va rivojlanish uchun yaxshi qo‘shimcha va imkoniyat bo‘la oladi.

2024-yilda onlayn ta’lim sohasi dinamik rivojlanishda davom etishini ta’kidlagan Dmitriy Gavdur buni onlayn o‘rganish qulay ekanligi bilan bog‘lamoqda. Talabalar zarur ma’lumotlarni dunyoning istalgan nuqtasidan va o‘zlari uchun qulay vaqtda olishlari mumkin. Bu formatning ommaviyligiga texnologiyalarning tez rivojlanishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, sun’iy intellekt, virtual va to‘ldirilgan reallik va boshqa innovatsiyalar.

Zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun odamlar raqamli ko‘nikmalarni o‘rganishga majbur bo‘lishadi va ko‘pincha buni onlayn ta’lim orqali amalga oshirish mumkin. Oliy o‘quv yurtlari ma’lumotni tez yangilashga vaqtlari yo‘q va o‘qitish asosan, onlayn kurslarga nisbatan qimmatroq.

“Onlayn ta’lim tejamkorroq. Bundan tashqari, kursni sotib olishingiz mumkin bo‘lgan deyarli barcha platformalar, shu jumladan „Lerna“, o‘z foydalanuvchilariga chegirmalar yoki hamkor bank orqali imtiyozli shartlarda kredit ajratadi”, — dedi u.