Hukumat qarori bilan Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2024-yildan Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot institutida maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron berish tizimi joriy qilinadi.
Nizomga muvofiq, maktablarga faoliyat yuritayotgan direktorlar har 5 yilda bir marotaba menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi.
Bunda sertifikatga ega direktorlar uni olgandan 3 yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.
Nomzodlar maxsus portal orqali elektron ro‘yxatdan o‘tib, o‘quv kursida o‘qish uchun ariza topshiradi. Arizalar har oyning 5-sanasigacha (iyul-avgust oylaridan tashqari) qabul qilinadi.
O‘quv kurslari 20−30 nafar tinglovchidan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi. Ularning davomiyligi 144 soatni tashkil etib, 1 oy davomida o‘qitiladi.
Nomzodlarning ixtiyoriy tanlovi asosida o‘quv kurslari ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan (masofaviy, onlayn) holda tashkil etilishi mumkin.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar sertifikat berish bo‘yicha yakuniy sinovlarga qo‘yiladi.
Direktorlarning o‘qish davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va amaldagi o‘rtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi.
Mazkur tartib quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
- jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari;
- sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari;
- ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;
- alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.
Kelasi yilning 1-sentabridan menejerlik sertifikatiga ega rahbar xodimlarning lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.
Ustamalar ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida quyidagi rahbar xodimlarga beriladi:
- maktab direktorlariga — 50%;
- maktab direktori o‘rinbosarlariga — 30%.
Avgust oyida davlat rahbari direktorlikka nomzodlarni faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanash va muddatli kontrakt asosida ishga olish tizimini yaratishni topshirgandi. Sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinishi belgilangan.
Undan oldin malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etilgandi.