“UzAuto Motors” kompaniyasi 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi.
Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida qator uzilishlar yuz berdi. Natijada, 2024-yilda ishlab chiqarilishi belgilangan modellar uchun kontraktatsiya ochilmadi.
Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kontraktatsiya boshlangandan so‘ng tizimga davomli kiberhujumlar amalga oshirilib, avtorizatsiya so‘rovlarini qayta ishlashda muammolar yuzaga kelgan. Natijada, onlayn savdo tizimi to‘liq bloklangan.
Onlayn shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonida ishtirok etadigan bir qator tizimlar ishlamay qolgan paytdan “UzAuto Motors” va tegishli tuzilmalar mutaxassislari tomonidan “UzavtoSavdo” tizimidagi nosozliklarni bartaraf etish va ishlashini ta’minlash bo‘yicha texnik ishlar amalga oshirildi.
Natijada, savdo tizimini qayta tiklash ishlari yakunlandi. Kontraktatsiya uchun “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillarining rejalashtirilgan butun hajmi sotuvda mavjud bo‘ladi. Qolgan boshqa avtomobil modellari uchun kontraktatsiya doimiy tartibda amalga oshiriladi.
Ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya 25-dekabr kuni soat 14:00da ochiladi hamda tizim xavfsizligini ta’minlash maqsadida onlayn kontraktatsiya faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Butun kontraktatsiya jarayonini, tizimning ishlashi va uning natijalari to‘g‘risidagi tezkor ma’lumotlar “UzAuto Motors"ning rasmiy sahifalarida e’lon qilib boriladi.
Kompaniya savdo tizimidagi barcha tashqi ta’sirlarni, axborot hujumlari manzillari va tashkilotchilarining to‘liq tahlilini o‘tkazadi.
Uning natijasida, barcha materiallar huquqiy baho berish uchun tegishli tuzilmalarga topshirilgan hamda ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi qayd etilgan.
Noyabr oyida “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. 3-noyabr kuni ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.
Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” avtomobillari uchun shartnomani qanday onlayn rasmiylashtirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.