25-dekabr kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi ommabop avtomobillar uchun onlayn shartnomalar tuzish boshlanishini ma’lum qildi.
Soat 14:00dan “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn shartnoma tuzish imkoniyati yaratilishi qayd etilgandi.
Biroq, belgilangan vaqtda savdo.uzavtosanoat.uz saytida nosozliklar kuzatilib, keyinroq sayt ishlay boshladi. Soat 18:00 holatiga, “UzAutoSavdo” platformasi orqali jami 30 500dan ortiq shartnomalar tuzildi.
Ish vaqti tugagani sabab, shartnoma tuzish jarayoni vaqtincha to‘xtatildi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
“UzAuto Motors” 26-dekabr kuni soat 10:00da “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani qayta tiklaydi.
Soat 19:40 holatiga, ommabop avtomobillar uchun onlayn tuzilgan shartnomalar 31 500dan ortiqni tashkil etgan.
Avvalroq “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.
“UzAuto Motors” kompaniyasi 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi.
Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida qator uzilishlar yuz berdi. Natijada, 2024-yilda ishlab chiqarilishi belgilangan modellar uchun kontraktatsiya ochilmadi.