Joriy yilning 26-avgustidan Toshkent metrosining “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari rejali profilaktik ishlar uchun 4 oyga yopilgandi.
“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur profilaktik ishlar o‘z yakuniga yetkazildi.
Shundan kelib chiqib, joriy yilning 25-dekabridan bekatlar ish faoliyati soat 05:00dan 00:00gacha doimiy reja asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdlar oraliq vaqt intervali tig‘iz vaqtlarda 10 daqiqadan 4 daqiqagacha qisqartiriladi.
Kelgusida bu ko‘rsatkich yanada qisqartirilib, 2 daqiqaga yetkazish rejalashtirilgan, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Mazkur bekatlar yopilayotganida qo‘shimcha avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi muhokama jarayonida ekanligi ma’lum bo‘lgandi.
Undan keyin 4 oy mobaynida “Turkiston-Yunusobod-Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida bepul transport harakati yo‘lga qo‘yilishi xabar berildi.