25-dekabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan avtomobil sotish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “UzA” nashri xabar berdi.

Qaror yangi avtomototransport vositalarini chakana sotish tartibini yaxshilash hamda xaridorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani ta’kidlangan xabarda.

Shu maqsadda hukumatning 2003-yil, 13-fevraldagi 75-son qarori bilan qabul qilingan chakana savdo qoidalariga qo‘shimcha 119−1 band kiritildi.

Unga ko‘ra, agar bozorda ustun mavqega ega sotuvchida o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobilni sotishda ichki bozordagi talabni qondirish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda, bir kishi bilan 12 oy davomida ikkitadan ortiq shartnoma tuzilganda, sotuvchi keyingi 12 oy mobaynida qayta shartnoma tuzishdan bosh tortish huquqiga ega.

2022-yilning fevralida prezident “O‘zavtosanoat” avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etishni topshirgandi. “UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85%dan 50%gacha pasaytirish vazifasi qo‘yilgandi.

Avvalroq “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.

“UzAuto Motors” kompaniyasi 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi.

Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida qator uzilishlar yuz berdi. Natijada, 2024-yilda ishlab chiqarilishi belgilangan modellar uchun kontraktatsiya ochilmadi.

25-dekabr kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi ommabop avtomobillar uchun onlayn shartnomalar tuzish boshlanishini ma’lum qildi.

Soat 14:00dan “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn shartnoma tuzish imkoniyati yaratilishi qayd etilgandi.

Biroq, belgilangan vaqtda savdo.uzavtosanoat.uz saytida nosozliklar kuzatilib, keyinroq sayt ishlay boshladi. Soat 18:00 holatiga, “UzAutoSavdo” platformasi orqali jami 30 500dan ortiq shartnomalar tuzildi.

“UzAuto Motors” 26-dekabr kuni soat 10:00da “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani qayta tiklashini ma’lum qilgandi.