Toshkentda bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobil haydovchisi jarimaga tortildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning oktabr-noyabr oylarida Toshkentdagi avtobuslar harakati uchun ajratilgan maxsus A yo‘laklarga to‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarliklarini aniqlovchi intellektual videokuzatuv kameralaridan 30tasi o‘rnatildi.
Xususan, “Amir Temur” va “Alisher Navoiy” ko‘chalariga o‘rnatilgan intellektual videokuzatuv kameralarining 5tasi to‘liq ishga tushirildi.
24-dekabr kuni mazkur ko‘chalarda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgani 175ta transport vositalari haydovchilari aniqlandi.
Natijada, haydovchilar belgilangan tartibda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128/6-moddasiga asosan, BHMning ikki barobari (680 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
Dekabr oyi boshida Toshkentda avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar qayd etishni boshladi.
Tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, harakatga xalaqit qilgan, qoldirib ketilgan avtomobillar jarimaga tortiladi.