Bir kunda “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYoQShlarga jami 3 221 tonna benzin yetkazildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

25-dekabr kuni elektr stansiyalari orqali jami 239,9 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga 220,3 mln kVt/soat elektr yetkazib berildi.

Buning uchun IESlarda 45,5 mln kubometr tabiiy gaz, 18,4 ming tonna ko‘mir hamda 5,3 ming tonna mazut yoqilgan. Mamlakat tabiiy gaz iste’moli 144,1 mln kubometrni tashkil qildi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda ushlash uchun metan “zapravka"larga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatilmoqda.

Hududlardagi AGTKShlarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan. 25-dekabr kuni mamlakatdagi 1 357ta metan “zapravka” grafik asosida ishladi.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi bo‘yicha yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida mazkur mahsulotlar hududlarga miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Xususan, bir kunda “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha AYoQShlarga jami 3 221 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Ishlayotgan metan “zapravka"larga 15,2 mln kubometr tabiiy gaz hamda 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 4 600 tonna avtobenzin va 1 906 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yildi. Shundan 4 600 tonna benzin hamda 452 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

Avvalroq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi metan “zapravka"larga qo‘shimcha cheklovlar kiritilgandi. Undan keyin ular faoliyati qayta ochilishi ma’lum qilindi.

15-dekabr kuni yuqoridagi hududlardagi AGTKShlar faoliyatiga kiritilgan qo‘shimcha cheklovlar yumshatilib, grafik asosida ishlay boshladi.

Buxoro va Farg‘ona NQZlarning benzin ishlab chiqarish hajmi 4 ming tonnaga oshirildi. Kuniga o‘rtacha 700 tonna qo‘shimcha avtobenzin ishlab chiqarilmoqda.