“UzAuto Motors” kompaniyasi 26-dekabr kuni “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani qayta tikladi.
25-dekabr kuni mazkur ommabop avtomobillar uchun onlayn shartnoma tuzish jarayoni ochilib, shu kuni jami 31 500dan ortiq avtomobillar uchun kontrakt tuzildi.
Kompaniya matbuot xizmati shartnoma berishning ikkinchi kunida avtomobillar uchun qancha shartnoma tuzilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 26-dekabr, soat 20:30 holatiga “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun jami 98,3 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan.
Ularning 95%i “Chevrolet Cobalt” avtomobiliga tuzilgan bo‘lib, natijada, mazkur modelning 2024-yildagi butun hajmi uchun shartnomalar to‘liq tuzib bo‘lingan.
Endilikda xaridorlar faqat “Damas” va “Labo” avtomobillariga shartnoma tuzishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq “UzAuto Motors” to‘liq onlayn savdoga o‘tishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga keldi.
Kompaniya 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi. Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida uzilishlar yuz berib, 2024-yilgi hajm uchun kontraktatsiya ochilmadi.
Oradan uch kun o‘tib, ya’ni 25-dekabr kuni “UzAuto Motors” yana bir marotaba onlayn shartnomalar berish jarayoni boshlanishini ma’lum qildi va soat 14:00dan ochilishi kutilgan kontraktatsiya belgilangan vaqtdan kech ochildi. Kompaniyaning savdo.uzavtosanoat.uz saytida yana nosozliklar kuzatildi.