Qozog‘iston donini xarid qilish bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “APK Novosti” xabar bermoqda.

2023-yilning yanvar-oktabr oylarida Qozog‘istondan xorijga 3,8 mln tonna bug‘doy va meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi) eksporti $1 mlrd dollarga yetdi.

Asosiy xaridor 1,9 mln tonna mahsulot sotib olgan O‘zbekiston bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40%ga o‘sgan.

Undan keyingi o‘rinlarni mos ravishda 404 ming tonna va 322 ming tonna don sotib olgan Tojikiston va Afg‘oniston egallagan.


Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi un narxi oshishi bo‘yicha munosabat bildirgandi.

Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur sigmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi.

“Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham mazkur holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.

Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.