“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ko‘magida O‘zbekistondagi 10 dan ortiq to‘qimachilik kompaniyalari xalqaro “WRAP” (Worldwide Responsible Accredited Production) standarti sertifikatiga ega bo‘ldi.

“UZTEX” kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda, shuningdek, Markaziy Osiyoda ushbu standartni olgan birinchi korxona bo‘ldi.

Uyushmaning qayd etishicha, ayni paytda yana 10 ta korxona “WRAP” sertifikatini olish bosqichida.

“WRAP” sertifikati ijtimoiy standartlarning eng murakkablaridan biri bo‘lib, “UZTEX Group"dagi ishlab chiqarish AQShga mahsulot eksport qilish uchun zarur bo‘lgan barcha ijtimoiy me’yor va qoidalarga muvofiqligini tasdiqlaydi.

Sertifikat “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining “Textile Standard Service” kompaniyasi yordamida olingan va rasmiy ravishda “WRAP"ning muvofiqlik bo‘yicha katta direktori Xong Mey tomonidan berildi.


Avvalroq 2026-yilning 1-oktabrigacha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim tovarlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinishi xabar berilgandi.

Shuningdek, paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.

Bo‘yalgan matoni 50%dan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1% stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

2025-yilgacha paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.