Joriy yilning o‘tgan davrida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 9 446ta holat aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.
Xususan, 748,6 mlrd so‘mlik 767 mln metr kub tabiiy gaz va 251,9 mlrd so‘mlik 335 mln kilovatt-soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Natijada davlat manfaatlariga jami 1,5 trln so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, 2 134ta ma’muriy qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Bunda 204 mlrd so‘m miqdoridagi jarimalar undirishga qaratilib, “e-mamuriy ish” axborot tizimi orqali sud organlariga yuborildi.
Inspeksiyaning Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida xususiy AYoQShlarda 171ta holatda 2 823 ming litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi ta’qiqlandi.
Shuningdek, elektr tarmoq xo‘jaliklarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 57ta obyekt aniqladi. Ulardan 7 636 tasi bo‘yicha mahalliy hokimliklar va sudlarga hujjatlar taqdim etilgan. Noqonuniy qurilishlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Ayni vaqtgacha 91ta obyekt xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.
“Energiya resurslaridan ayrim “tadbirkor"larning noqonuniy va o‘g‘rincha foydalanishlari tarmoqlarda ortiqcha yuklanishlarga hamda energiya resurslar ta’minoti barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deydi Navro‘z Norboboyev.
Dekabr oyining birinchi yarmida 73 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingan. Noyabrda davlat rahbari tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi.
Undan keyin, energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish vazifasini belgilagan.
Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” behuda sarflanayotgan elektr energiyasi bo‘yicha reydlarni amalga oshira boshlagandi.