“Gazprom” O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini maksimal darajada oshirdi, deya xabar bermoqda “TASS” nashri “Gazprom” rahbari Aleksey Millerga tayanib.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Miller O‘zbekistonga “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali o‘tkazilayotgan texnik jihatdan mumkin bo‘lgan maksimal hajmda gaz yetkazib berilayotganini ta’kidlagan.
“Dekabrda O‘zbekistonga ham sovuq havo kirib keldi, o‘zbekistonlik do‘stlarimiz va hamkasblarimiz mamlakatga gaz yetkazib berishni shartnomada belgilangan kunlik majburiyatimizdan ikki barovar ko‘proq hajmga oshirishni so‘rashdi. Ayni vaqtda dekabr oyida O‘zbekistonga „Markaziy Osiyo — Markaz“ quvuri orqali yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan maksimal texnik hajmdagi gazni yetkazib beryapmiz.”, — dedi u.
Shuningdek, “Gazprom” rahbari kompaniya O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlarni to‘liq qondirishini qayd etgan.
2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan ikki yillik gaz oldi-sotdisi bo‘yicha ikki yillik shartnoma imzoladi. Kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kub metrni, yillik hajmi esa deyarli 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi.
7-oktabr kuni “Markaziy Osiyo — Markaz” quvuri orqali O‘zbekiston va Qozog‘istonga yetkazib berishga start berildi. Undan keyin, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazprom” bilan o‘rta va uzoq muddatli gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar muhokamasi boshlanganini ma’lum qildi.
Noyabr oyi boshida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘zbekiston va Rossiya 15 yilga gaz bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirayotganini aytgandi. Shartnoma imzolanishi 2024-yilning o‘rtalarida kutilmoqda.
Avvalroq “Gazprom UGS” bosh direktori Igor Safonov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksportini yo‘lga qo‘yish gaz tashish tizimini qayta sozlashni talab qilganini qayd etgandi.