Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni O‘zbekistonning 6ta hududidagi energetik loyihalarni ishga tushirish va tarmoqqa ulash ishlariga start berdi.
Xususan, 5ta quyosh va 1ta shamol elektr stansiyasidan elektr energiyasi tarmoqqa yetkazila boshlandi. Mazkur stansiyalar qurilishiga BAAning “Masdar” hamda Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyalari tomonidan sarmoya kiritildi.
Xususa, Masdar 2021-yilning may oyida uchta fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderlarda g‘olib chiqdi. Ulardan eng kattasi 457 MVt quvvatga ega bo‘lgan qurilma Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan.
Jizzaxning G‘allaorol va Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanlarida har biri 220 MVt quvvatga ega yana ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda. Bahorda kompaniya YeTTB va hamkorlardan $205 mln, OTBdan esa $102 mln jalb qildi, shu bilan birga, YeIB va OIIB ham ularga sarmoya kiritdi.
Shuningdek, BAA kompaniyasi Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyisi ustida ish olib bormoqda. Kompaniya 2020-yilda uni yaratish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan.
Shamol stansiyasining birinchi turbinasi iyun oyi boshida o‘rnatildi. Dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol generatorlari sinov rejimida ishlay boshladi.
“China Gezhouba” bilan shartnoma aprel oyida TIIF-2023 doirasida imzolangan. Qashqadaryoning Nishon tumani va Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida har biri 500 MVt quvvatga ega ikkita quyosh elektr stansiyasini qurish ishlari olib borilmoqda, ulardan 200 MVt segmentlari tayyor.
Barcha elektr stantsiyalari to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng, “yashil” energiya sektori 2,4 GVt quvvatga ega bo‘ladi. Natijada, jami qiymati $2 mlrdlik stansiyalar 2 mlnta xonadonning uzluksiz elektr energiyasini ta’minlaydi.
Shuningdek, 2 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida $4 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
“Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlayapmiz. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorligimizni kengaytirib boramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
2030-yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirishga xizmat qiladi.