“140ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish va “sanoat ipotekasi” tizimini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qonunchilikka ko‘ra, sanoat sohalarida “140ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish belgilangan.
Qaror bilan mazkur dastur doirasida tadbirkorlarga ochiq tanlov asosida taklif qilinadigan yirik sanoat loyihalari taqsimoti tasdiqlandi.
Quyidagi jadvalda yirik sanoat loyihalarining taqsimoti keltirilgan:
T/r | Sanoat yo‘nalishlari | Loyihalar soni |
1 | Elektrotexnika | 20 |
2 | To‘qimachilik | 20 |
3 | Charm-poyabzal | 10 |
4 | Mashinasozlik | 10 |
5 | Zargarlik | 10 |
6 | Qurilish materiallari | 20 |
7 | Mebelsozlik | 10 |
8 | Polimer, kimyo | 20 |
9 | Oziq-ovqat | 20 |
Jami | 140 |
Shunga ko‘ra, yirik sanoat loyihalarini ochiq tanlov asosida tanlashning quyidagi asosiy mezonlari belgilandi:
- loyiha doirasida kamida 100ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi;
- ishlab chiqariladigan mahsulotning ichki bozordagi import ulushi 50%dan yuqori bo‘lishi;
- ishlab chiqarish texnologik asbob-uskunalari yangi (yangi avlodga mansub) bo‘lishi kerak.
Dastur doirasida tanlov g‘oliblariga xorijiy valyutada yillik 4% va milliy valyutada yillik 10% stavkada 10 yil muddatgacha kreditlar ajratiladi. Mablag‘lar 3 yilgacha imtiyozli davr bilan bir loyiha qiymatining 25%i miqdorida, biroq $10 mlndan ko‘p bo‘lmagan miqdorda beriladi.
Bunda mazkur kreditlar bo‘yicha tijorat banklarining marjasi xorijiy valyutada 2% va milliy valyutada 4% miqdorida belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yildan “sanoat ipotekasi” tizimi joriy etiladi. Bunda tadbirkorlarga yer uchastkalari (ishlab chiqarish maydonlari) qurilish uchun tegishli ruxsatnomalar va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, “tayyor biznes” shaklida auksion savdolariga chiqariladi.
Shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun 7 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valyutada yillik 10% stavkada kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat bankining marjasi 4% miqdorida belgilanadi.
Iyul oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar “Sanoat ipotekasi” tizimi asosida ajratilishi belgilangan.
Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mazkur tizim yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib berilishini ma’lum qildi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.
Sentabrda ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat rahbari qarori qabul qilindi. Hujjat bilan “140ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi joriy etilib, unga kiritilgan loyihalarni tadbirkorlarga ochiq tanlov asosida taklif etuvchi elektron platforma ishlab chiqilishi belgilandi.
Avvalroq prezident mamlakatda ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni bergandi.