Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasi Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar boshlanish sanasi va chiptalar sotuvi boshlanganini ma’lum qildi.

Loukoster aviakompaniya 3-apreldan Vnukovodan Toshkentga parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Aviaqatnovlar har kuni amalga oshiriladi.

Aprel oyidan boshlab “Pobeda” Moskvadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports”.

Oktabr oyida kompaniya reyslar chastotasini haftasiga 7 tagacha oshirishini ma’lum qildi.

Bundan biroz avval O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi agentligi Rossiyaning loukoster aviakompaniyasiga yana ikkita yo‘nalish bo‘yicha parvoz qilishga ruxsat bergan edi. Kompaniya Yekaterinburg va Novosibirskdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirish huquqini oldi.

O‘zbekiston aviakompaniya uchun Armaniston, Belarus, Turkiya va BAAdan keyin beshinchi xorijiy yo‘nalish hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” “Ural Airlines” yanvardan O‘zbekistonga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

13-yanvardan Yekaterinburgdan Farg‘onaga haftasiga ikki marta, Jukovskiy va Toshkent o‘rtasida esa har kuni parvozlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.