Mol-mulk solig‘i to‘lovlari oshirildi
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining asosiy stavkasini (1,5%) saqlab qolgan holda, soliq bazasini aniqlashda 1 kv.metr uchun o‘rnatilgan minimal qiymat indeksatsiya qilindi.
Bunda to‘lovlar hududlarga qarab, quyidagicha belgilangan:
- Toshkent shahri uchun — 3 mln so‘m (amalda 2,5 mln so‘m);
- Nukus shahri va viloyat markazlari uchun — 2 mln so‘m (amalda 1,5 mln so‘m);
- boshqa shaharlar va qishloq joylar uchun — 1,2 mln so‘m (amalda 1 mln so‘m).
Xotin-qizlarga o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi
Xotin-qizlarning haq to‘lanadigan jamoat ishlari asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ish yurituvchi bo‘lib ishlashiga 11 oygacha muddatga ruxsat etiladi.
Tashkilot (ish beruvchi) tomonidan ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalariga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik natijasida jabrlanganlar ham kiritiladi.
Ayrim soliq hisobotlari avtomatik tarzda shakllantiriladi
2021-yilning sentabrida Xorazm viloyatida soliq xizmati organlari tomonidan hisob-kitob va hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha eksperiment joriy etildi. Soliq to‘lovchining xohishiga ko‘ra QQS, aylanma solig‘i, yuridik shaxslar uchun yer va aksiz solig‘i bo‘yicha hisobotlarni olish imkoniyati yaratildi.
2024-yildan O‘zbekiston bo‘ylab hisobotlarni shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi. U QQS, aylanma solig‘i, shuningdek, yuridik shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘ini o‘z ichiga oladi. Mazkur soliq bo‘yicha hujjatlar avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Hisobotlarni tayyorlash uchun ichki manbalar (soliq to‘lovchining soliq va moliyaviy hisobotlari, QQS ma’lumotlari va onlayn nazorat-kassa mashinalari, onlayn cheklar va boshqalar) bilan bir qatorda tashqi manbalardan (boshqa davlat organlari tizimlari) foydalaniladi.
Shahrisabz aeroportidan aviatqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
2024-yilning 1-yanvaridan Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari yo‘lga qo‘yilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi.
Toshkent-Qarshi yo‘nalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi. Natijada, aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashadi, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi esa 3 barobar ko‘payadi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratiladi
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Bunda mablag‘lar 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga beriladi.
Ichimlik va oqova suv narxlari xizmatlar narxidan kelib chiqib belgilanadi
Ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi.
Yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi obyektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi.
Yer hisobot avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushiriladi
Hukumatning “Yer resurslarining holati bo‘yicha milliy hisobotni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori bilan, 2024-yilgacha “Yer hisobot” avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirish belgilangan. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi mazkur axborot tizim operatori hisoblanadi.
Yer hisobotiga o‘zgartirishlar kiritish, yerlarni toifalarga ajratish va bir toifadan boshqasiga o‘tkazish natijalari vakolatli davlat organlarining qarorlari asosida “Yer hisobot"ga kiritib boriladi.
Yanvardan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda tuman (shahar)lar hokimlari lavozimlaridan ozod etilganda, ijro hokimiyatiga bir oy muddatda o‘zlarining ma’muriy-hududiy birliklari bo‘yicha joriy yilning 1-yanvar holatiga yer hisoboti, jumladan, yer fondi toifalariga kiritilgan o‘zgartirishlar va yangi o‘zlashtirilgan yerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so‘mgacha oshiriladi
Prezidentning tegishli qarori bilan 2024-yildan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi.
Nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.
Mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag‘larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etishga ruxsat beriladi.
Mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya asosida to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10%lik ulushni 20%ga oshirish orqali yumshatiladi. Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10%dan 20%gacha bo‘lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
Mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlarga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” kafilligini berish imkoniyati yaratiladi.
Tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko‘rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo‘yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.
1-yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqilishi belgilangan.
Yo‘lovchi tashuvchi haydovchilarining ish vaqti tabellari taxograf ko‘rsatkichida hisobga olinadi
Hukumatning transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan.
Hujjat bilan, yanvardan shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtotransportlar haydovchilarining ish vaqti tabellar, yo‘l varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf ko‘rsatkichiga asosan hisobga olinadi.
Shuningdek, mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qiluvchi inspektorlar zarur qurilmalar bilan ta’minlanadi.
Yo‘l qurilishida “hajm uslubi” joriy etiladi
Avtomobil yo‘llarida bajariladigan ish turlari qurish va rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda saqlashdan iborat bo‘ladi.
Loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (“hajm uslubi”) joriy etiladi.
Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan obyektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida 3 yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi.
Yilning harorat yuqori bo‘lgan vaqtlarida avtomobil yo‘llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o‘rnatiladi.
Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi
Tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:
- “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari;
- “Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.
Shuningdek, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi.
2024-yildan 2026-yilgacha davlat xaridlari maxsus portalida kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni (mahsulotlarni) davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.
Bunda davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlar bir moliya yili davomida jami 10 mlrd so‘mgacha qiymatda sotishlari mumkin.
Import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi
Alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi.
Shu bilan birga, import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.
Bundan tashqari, 1-yanvargacha transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.
O‘zbekistonliklarning haydovchilik guvohnomasi BAAda ham tan olinadi
O‘zbekiston va BAA fuqarolari o‘zlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon hududiga tashrif buyurganda transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq, uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno.
Shuningdek, BAA rezidenti bo‘lgan (uzoq muddat yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega o‘zbekistonliklar BAA haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Hujjat 2024-yilning 27-yanvaridan kuchga kiradi.
IIV tizimidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oylik maoshlari oshiriladi
“Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining 1-bandiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
Mazkur bandda nazarda tutilgan o‘zgartirishlar IIV tizimidagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Biroq maxsus va harbiy unvonga ega bo‘lgan xodim hamda harbiy xizmatchilar bundan mustasno.
Bunda oylik lavozim maoshlari quyidagicha oshirilishi nazarda tutilgan:
- oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 15%ga;
- ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan hamda boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun — 10%ga;
- tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun — 15%ga.
Tadbirkorlar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi
Hukumat qarori bilan “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizom qabul qilingan.
Unga ko‘ra, tanlov 2024-yildan har yili oktabr — dekabr oylarida yong‘in chiqish xavfi bo‘yicha I va II guruhga mansub binolarga ega tadbirkorlar o‘rtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida o‘tkaziladi.
Bundan yangi qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, kengaytirilayotgan, texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan va kapital ta’mirlanayotgan obyektlar bundan mustasno.
Nomzodlarning arizalari tanlov e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 kun mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali tuman (shahar) komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
Tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi joriy qilinadi
Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.
Bunda, 2024-yildan reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi hamda ularga QQSning ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.
Fuqarolarga onlayn ravishda pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi
Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Aholiga pensiya tayinlanganidan so‘ng jamg‘argan pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi ham bekor qilinadi.
Fuqaro mehnat faoliyati davomida har oylik ajratmalari asosida jamg‘argan mablag‘larni Yagona portal yoki “Xalq banki"ning mobil ilovasi orqali olishi mumkin bo‘ladi.
Bunda, Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni olish huquqini beruvchi sertifikat berish tartibi bekor qilinadi.
Mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirildi
Farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan budjeti mablag‘lari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uzaytirilgan muddatlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Bunda, ijobiy klinik sinovlar natijalari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda sertifikatlash jarayonlari asosida 10 yilgacha bo‘lgan muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bu muddat 3 yilni tashkil etadi.
BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yilgan.
Prezident tashkilotning mazkur hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Hujjat bilan, 2024-yildan raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlarga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi portal ishga tushiriladi.
Kelasi yildan aholiga yo‘l harakati xavfsizligi sohasida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Xususan, avtomototransportlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni mazkur tizimdan olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ariza beruvchilardan yuqoridagi hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
2024-yilda bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi.
Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 10 trln so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trln so‘m yo‘naltiriladi.
2024-yildan birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirgunigacha soliqlar va yig‘imlar, jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Tadbirkorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan har bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda tadbirkor a’zo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etish (xabar qilish) tartibi joriy qilinadi.
Shuningdek, kelasi yildan aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilanadi.
Sharoiti og‘ir xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi
Onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi.
Virusli gepatitning “C” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkentning tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida tashkil etiladi.
Shu bilan birga, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50%i miqdorida subsidiya beriladi
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50%i miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etiladi.
“Izlanish va rivojlanish” markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning 1%ini to‘lash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida hisoblash amalga oshiriladi.
Shuningdek, davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5%ini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish joriy etiladi.
2024-yildan️ mamlakatning uzoq muddatli suv balansi prognozini yuritish, suv resurslarini tejash dasturlarini qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi️.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun 10% stavkada kreditlar ajratiladi.
Bunda mablag‘lar foiz stavkalarini subsidiyalash hisobidan taqdim etiladi.
Sinov tarzida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanadi
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tarzida barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanadi.
Keyinchalik bu tajriba mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qiymati 20 mlrd so‘mgacha kreditlar bo‘yicha kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda foiz stavkasi asosiy stavkadan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari haqida axborot platformasi yaratiladi
O‘zbekistonga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining axborot tizimi orqali vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi.
Shu bilan birga, kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
Mamlakatga kimyoviy moddalarni olib kiruvchilar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega axborot platformasi yaratiladi.
Kelasi yildan O‘zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi:
- Bojxona qo‘mitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;
- kimyoviy moddalarni olib kiruvchilar bu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni milliy markazga taqdim etadi.
Professional mediatorlar onlayn reyestri yuritiladi
Hukumat qarori bilan professional mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, reyestrga kirish istagini bildirgan talabgor doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan DXMga o‘zi kelib murojaat etadi yoki onlayn shaklda Yagona portaldan ro‘yxatdan o‘tadi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi. Talabgor so‘rovnomasi to‘ldirilib, uning tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqada tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuboriladi.
Professional mediatorlar reyestri onlayn shaklda shakllantiriladi va yuritiladi. Ular reyestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi.
Yagona 112 tezkor raqami va dispetcherlik tizimi ishga tushiriladi
Aholining barcha tezkor va shoshilinch xizmatlarga murojaatlarini operativ hal qilishga qaratilgan yagona “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimi ishga tushiriladi.
Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga mazkur tizimni joriy etish vazifasi qo‘yilgan. Tizim 2024-yildan Toshkentda yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 1-iyulgacha vodiy viloyatlarida, kelasi yil yakunigacha esa barcha tuman va shaharlarda ishga tushiriladi.
Tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari bozor tamoyillari asosida belgilanadi
Temir yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar bekor qilinadi.
Shu bilan birga, ularni faqat hukumat qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi. Bundan ikki yoki undan ko‘p xorijiy mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar mustasno.
Yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.
Ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatlari o‘rganiladi
“Inson” markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan ayrim shaxslarga qarab turishning haqiqiy holatlari bir yilda bir marotaba o‘rganiladi.
Xususan, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola hamda davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalar holatlari aniqlanadi.
Bunda, o‘rganish ma’lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib boriladi.
2024-yilgacha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan “ishonch telefoni” ishga tushirilishi belgilangan.
Bog‘ va tokzorlar uchun tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy etiladi
Prezident huzurida o‘tkazilayotgan videoselektorda kelgusi yildan bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy etilishi ma’lum qilingan.
Davlat korxonalari balansidagi nosohaviy bog‘ va tokzorlarni tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi.
Aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalarini amalga oshirishga garovsiz kreditlar beriladi
“Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingan.
2024-yildan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Fuqarolarga xorijdan ikkitagacha telefonni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga ruxsat beriladi
Havo yo‘llari orqali mamlakatga kirib kelayotgan fuqarolar har kelganlarida 2ta telefon apparati, jumladan, mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan mobil telefonlar va qurilmalarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishlari mumkin.
Bunda, mazkur tovarlarning qiymati mamlakatga aviatsiya o‘tkazish punktlari orqali olib kirishda aholi uchun bojxona to‘lovlariga tortilmaydigan tovarlarning cheklangan qiymati — $2000 tarkibiga kiritiladi.
Ya’ni, fuqaro yonida olib kirgan barcha tovarlari, telefonlarning umumiy qiymati mazkur miqdordan oshsa, belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.
Import qiluvchilar tomonidan olib kirilgan qurilmalar partiyasi “erkin muomalaga chiqarish” (IM-40) bojxona rejimiga rasmiylashtirilmaguncha, mazkur qurimalalarning IMEI kodlari tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Aholi tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik jo‘natmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar tizim operatori yoki ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish orqali yoki tizim operatorining sayti orqali amalga oshiriladi.
Bunda, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli bo‘lgan konvert va jo‘natmani oluvchining JSHSHIR mavjud shaxsni tasdiqlovchi hujjati ko‘rsatiladi.
Aholi tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlaridan qat’iy nazar, deklaratsiya to‘ldiriladi.
Mazkur o‘zgarishlar 2024-yilning 28-yanvaridan kuchga kiradi.
Toshkentda texnik suv resurslaridan to‘lov asosida foydalaniladi
Munitsipal mulklarning har biriga nisbatan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari belgilanadi va ularning bajarilishi “Toshkent Invest kompaniyasi” tomonidan monitoring qilinadi.
Toshkent shahridagi davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari hamda kichik sanoat zonalarida tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdorlari har yili 31-dekabrgacha bozor tamoyillari asosida belgilanadi.
Kelasi yilgacha kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari axborot tizimlarini “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilish orqali muammolarni aniqlash va tezkor hal etish tizimi joriy qilinishi belgilangan.
2024-yildan oqar suv, jumladan texnik suv resurslaridan to‘lov asosida foydalaniladi.
Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi negizida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti tashkil etilgan.
2024-yildan institut va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra, tegishli ravishda, Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkaziladi. Bunda jamg‘arma mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibini saqlab qoladi.
Vazirlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. U o‘z ichiga quyidagilarni birlashtiradi:
- Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi;
- Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi;
- Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi;
- Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.
Imkoniyati cheklanganlar uchun “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi
Turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda $20dan $100gacha rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratiladi.
Turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo‘yicha xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Bunda mamlakatda kamida 5 kecha tunab qolgan har bir turist uchun $20, qish mavsumida (20-noyabrdan 20-fevralgacha) esa $50 miqdorida teng ulushlarda ajratiladi.
Shuningdek, 2024-yildan nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.
Bola tug‘ilganidan so‘ng maktabda onlayn hisobga qo‘yiladi
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishib, muhim ko‘rsatmalar bergan.
2024-yildan bola tug‘ilganidan so‘ng doimiy yashash manzilidagi mikrohududga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qo‘yiladi.
Ko‘p kvartirali uylar bilan bog‘liq bitimlar qarzdorlik mavjud bo‘lmasa tasdiqlanadi
Ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar notariuslar tomonidan mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi.
Shu bilan birga, majburiy badallarning yoki to‘lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.
Ushlangan transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish jarayoni “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning cheklangan miqdorlari joylardagi hokimliklar tomonidan belgilanadi.
Tizim orqali ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxati yuritiladi.
Shu bilan birga, transportlarni to‘xtash joylaridan olib chiqish uchun barcha to‘lovlar (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) amalga oshiriladi.
Birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlanadi
Maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi.
Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan o‘qituvchilar stajyor-o‘qituvchi sifatida ishlaydi va 1 yilda sertifikat olishi talab etiladi.
Davlat bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda — pedagogik mahorati baholanadi.
Seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari loyihalarini tegishli hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy qilinadi.
Hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.
Obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlari tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
Intensiv mevali bog‘larda asalari bilan changlatish agrotexnikasi qo‘llaniladi
“Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilingan.
Hujjat bilan, 2024-yildan intensiv mevali bog‘larda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash choralari ko‘riladi.
Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yaxshilanadi
To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik beriladi.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80%i miqdorida belgilash mumkin bo‘ladi.
Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25% past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi.
Shuningdek, undiruv qaratilgan garovga qo‘yilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.
Paxtachilikda xorijdan olib kelingan g‘o‘za navlari va duragaylari davlat reyestriga kiritiladi
Tajriba-sinov tarzida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10%igacha joylashtirishga ruxsat beriladi.
Kelasi yildan paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan g‘o‘za urug‘larining genetik tozaligini molekular-genetik tahlil qilish bo‘yicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan g‘o‘za urug‘larining ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari baholanadi.
Shu bilan birga, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan g‘o‘za navlari va duragaylari 2 yillik yetishtirish natijalariga ko‘ra ko‘rsatilgan talablarga mos kelgan hollarda O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.
Paxtachilik klasterlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari joriy qilinadi
Paxtachilik klasterlarida moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari joriy qilinadi.
Klasterlarga nufuzli xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda ular faoliyati samaradorligi va moliyaviy ko‘rsatkichlarini mustaqil tashqi auditdan o‘tkazish choralari ko‘riladi.
Allergik kasalliklar yuqori hududlarda ommaviy skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi
Allergik va immunologik kasalliklarga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da bo‘lgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshiriladi.
Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi.
Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan ko‘rsatiladi.
2024-yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
- allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami hududlar kesimida o‘rganilib, uning natijalari Xalqaro molekular allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
- aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami to‘g‘risidagi ma’lumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid ma’lumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali e’lon qilib boriladi.
Professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Bunda mablag‘lar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi.
Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi
Iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiktsiyasiga o‘tkaziladi.
Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi.
Aholi va tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.
To‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘larni birinchi navbatda mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qo‘llashga yo‘naltirish tartibi o‘rnatiladi.
Shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislari sertifikatlashdan o‘tkaziladi
Shaharsozlik sohasidagi belgilangan toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etilgan.
2024-yildan quyidagi toifa mutaxassislari uchun sertifikatlash amalga oshiriladi:
- nazorat o‘lchovini amalga oshiruvchi mutaxassislar;
- ekspert tashkilotlari ekspertlari;
- ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ayrim imtiyozli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi
Otorinolaringologiya va yuz-jag‘ jarrohligi yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga byudjet mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
Zaif eshitadigan bolalarni koxlear implantatsiya amaliyotiga tayyorgarlik davrida qo‘shimcha yiliga kamida 2 000ta raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
Mehribonlik uylari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilmasiga o‘tkaziladi
Quyidagilar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilmasiga o‘tkaziladi:
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari;
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari;
- mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari.
Shuningdek, “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va ko‘maklar qamrab olinadi.
2024-yildan quyidagilar uchun har yili 500 mlrd so‘m ajratiladi:
- “yashil belbog‘”, “yashil bog‘” va “yashil jamoat park"lar hamda “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
- asosiy temir yo‘l va magistral avtoyo‘llar bo‘yida daraxt ko‘chatlarini ekish;
- har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo‘lmagan maydonlarda bog‘lar barpo etish.
Shuningdek, davlat o‘rmon fondi uchastkalari faqat “E-auksion” platformasi orqali ijaraga beriladi.
Uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.
2024-yildan Nukus shahrida ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha ko‘p qavatli uylar o‘rtasida “Tejamkor uy” va “Tejamkor xonadon” reyting tizimi ishga tushiriladi.
Yil yakuniga ko‘ra, eng kam suv ishlatgan 20ta xonadon hamda xonadonlarining 50%idan ortig‘i belgilangan me’yorlardan kam suv ishlatgan 20ta ko‘p qavatli uylar rag‘batlantiriladi
G‘olib xonadon va uylarga quyosh panellari yoki uy atrofini yoritish moslamalari bepul o‘rnatib beriladi. Mazkur tajriba 2025-yildan Toshkent shahri va barcha viloyat markazlarida ham joriy qilinadi.
Ma’muriy sudlarda davlat bojini aybdor tomondan undirish tartibi joriy etiladi
“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilingan.
Hujjat bilan, ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlardan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ruxsatnoma blankalari uch turga ajratiladi
Mamlakatlar xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha qo‘shimcha ruxsatnoma blankalarini ayirboshlashga kelishgan. Xususan, 2024-yilda ayirboshlanadigan ruxsatnoma blankalarining kvotasi belgilandi.
Davlatlar o‘rtasidagi ruxsatnoma blankalari turlari tranzit, ikki tomonlama va uch tomonlamaga ajratiladi.
UzAuto Motors Lacetti ishlab chiqarishni to‘xtatadi
“UzAuto Motors” kompaniyasi 2024-yildan “Lacetti-Gentra” avtomobili ishlab chiqarishni to‘xtatadi.
Qayd etilishicha, bu allaqachon muhokama qilingan bo‘lib, avtomobil ishlab chiqaruvchisi buni “GM Global” siyosati bilan bog‘lamoqda.
Mazkur avtomobil uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari yangi modellarga yo‘naltiriladi.