“UzAuto Motors” kompaniyasi shartnomalarni sotib olish borasidagi kelishuvlar bo‘yicha ogohlikka chaqirdi.
25−28 dekabr kunlari kompaniya “Cobalt”, “Damas” va “Labo” ommabop avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani amalga oshirdi. Undan keyin ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida avtomobillar uchun shartnomalar savdosi kuzatildi.
Kompaniya uchinchi shaxslar tomonidan to‘lov qilinmagan avtomobil shartnomalarini “sotib olmasliklarini” so‘rab, ularni boshqa shaxsga qayta rasmiylashtirish mumkin emasligini ta’kidlamoqda.
Bunda, xarid qilingan avtomobil faqat shartnomada dastlab ko‘rsatilgan shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. “Agar siz bunday shartnomalarni „sotib olsangiz“, keyinchalik avtomobil sizga qayta rasmiylashtirilmasligining xavfi yuqori”, deyiladi xabarda.
Agar avtomobil egasining yaqin qarindoshlari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari) sotishga ruxsat berishdan bosh tortgan taqdirda uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoniy bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi kelishuvlarda avtomobil uchun to‘liq to‘lov qilinishi kerakligini ham talab qilish mumkinligidan kelib chiqib, xaridor bu bilan nafaqat shartnoma uchun “mukofot"ni, balki to‘lov summasini yo‘qotishga tavakkal qilishi kerakligi ham qayd etilgan.
“UzAuto Motors” bu kabi kelishuvlarda hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligini bildirdi.
Kompaniya xaridorlar tomonidan “sotuvga” joylanayotgan shartnomalar monitoringini olib bormoqda. Ularning maxsus ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Bu kabi takliflar aynan kompaniya yoki dilerlik markazi vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun kompaniyaning Call-markaziga, +99878 141−77−77 raqami yoki info@uzautomotors.com elektron pochta manziliga murojaat qilish so‘ralgan.
“UzAuto Motors” ommabop avtomobillar uchun shartnoma berish jarayonini birinchi marotaba onlayn tarzda tashkil etdi. Noyabr oyida jarayon to‘liq onlayn shaklga o‘tishi ma’lum bo‘lgandi.
Kompaniya 22-dekabr kuni soat 12:00da “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qilgandi. Birqo, “UzavtoSavdo” tizimi hamda mobil ilovasida uzilishlar yuz berib, 2024-yilgi hajm uchun kontraktatsiya ochilmadi.
Oradan uch kun o‘tib, ya’ni 25-dekabr kuni “UzAuto Motors” yana bir marotaba onlayn shartnomalar berish jarayoni boshlanishini ma’lum qildi va soat 14:00dan ochilishi kutilgan kontraktatsiya belgilangan vaqtdan kech ochildi.
Kompaniyaning savdo.uzavtosanoat.uz saytida yana nosozliklar kuzatildi. Shu kuni jami 31 500dan ortiq avtomobillar uchun kontrakt tuzildi. 26-dekabr kuni “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiyani qayta tikladi.
Bu kuni “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun jami 98,3 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan. 25−27 dekabr kunlari esa jami shartnomalar soni 171 200dan ortiqni tashkil etdi.