Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan ayollar o‘rtasida ishsizlik va iqtisodiy nofaollikning sabablarini o‘rganishga qaratilgan onlayn so‘rov o‘tkazilmoqda.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan mehnatga layoqatli yoshdagi ishsiz ayollar soni 13,4%ni tashkil etgan.
Kuzatuvlar ayollar orasida ishsizlik darajasi o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. Taqqoslash uchun, erkaklar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi ikki barobardan ko‘proq past — 5,4%.
Mutaxassislar ayollar ishsizligi va iqtisodiy nofaolligining sabablarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazmoqda. MHTI jamiyatda ayollarning iqtisodiy jihatdan faol turmush tarzini yanada rivojlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishni maqsad qilgan.
Xotin-qizlar bandligi bo‘yicha so‘rovnoma bilan bu yerda tanishish mumkin. Shuningdek uni rus va o‘zbek tillarida to‘ldirish imkoniyati mavjud.
Avvalroq xotin-qizlarni hunarmandchilikka o‘rgatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan moliyalashtirilishi haqida xabar berilgandi.