Afgo‘niston hududi bo‘ylab xalqaro yuk tashuvlarida o‘zbek milliy tashuvchilariga o‘rnatilgan cheklov bekor qilindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
26-dekabr kuni vazir Ilhom Mahkamov Afg‘oniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Hamidullo Oxunzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Unda tomonlar transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini, xususan avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘im va to‘lovlarni paritet asosida undirilishini ta’minlash hamda Afg‘oniston hududi orqali tranzit va ikki tomonlama tashuvlarni rivojlantirish muhokama qildi.
Bundan tashqari, temir yo‘l tashuvlaridagi tarif stavkalariga imtiyozlar taqdim etish, O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘l qurilishi loyihasini tezlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbek milliy tashuvchilari uchun tranzit va Afg‘onistonning boshqa hududlariga tashuvlar jarayonida o‘rnatilgan cheklov bekor qilindi.
Tomonlar bu bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, 2024-yildan boshlab tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘im va to‘lovlarni paritet asosida o‘rnatish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Avgust oyida Afg‘oniston bilan xalqaro avtomobil tashuvchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish va mamlakat hududidan tranzit amalga oshirish va boshqa manzillarga yuk tashishga o‘rnatilgan cheklovni olib tashlash masalalari ko‘rib chiqilgandi.
Janubiy koridor
2021-yilning noyabr oyida O‘zbekistondan tranzit yuk, ya’ni to‘rt yuk mashina paxta ipidan iborat karvon Pokistonga yetib keldi. 2022-yilning fevralida Pokiston bilan tranzit savdo bitimi tasdiqlandi.
O‘sha yilning iyunida o‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashuvlarini bajardi. Toshkent — Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor — Karachi yo‘nalishi bo‘ylab 2760 km yo‘lni bosib o‘tildi.
Joriy yilning iyun oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish taklifini bildirdi.
Ayni paytda uchta mamlakat Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.
Joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi. Iyul oyida tomonlar loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqishdi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” Afg‘onistondagi Xayraton-Mozori Sharif temir yo‘l liniyasini 50%lik chegirma bilan ta’mirlashi haqida xabar berilgandi.