“Gazprom” 2025-yilning 1-noyabrigacha Markaziy Osiyoga ko‘k yoqilg‘i yetkazib berishni sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Aleksey Millerga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda “Gazprom” O‘zbekistonga Rossiya kompaniyasining kunlik shartnoma majburiyatlaridan ikki barobar ko‘p gaz yetkazib bermoqda. Xususan, bu “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri koridoridagi maksimal texnologik rejimga mos keladi.
“Shuningdek, biz juda qisqa vaqt ichida „Markaziy Osiyo — Markaz“ koridorida gaz uzatish quvvatini oshirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirishga kirishdik. Vazifa yana o‘ta qisqa muddatga belgilangan, 2025-yilning 1-noyabrigacha biz ancha yirik hajmda gaz yetkazib berishni boshlashimiz kerak”, — dedi u.
Bundan tashqari, Miller Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi hamkorlar bilan kelishilgan o‘rta muddatli 15 yillik shartnomalar kelasi yilning o‘rtalarida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida tuzilishini ma’lum qildi. 2025-yilning1-noyabridan esa mazkur shartnomalar bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlariga ishonchli, barqaror gaz yetkazib berish boshlanadi.
Millerning ta’kidlashicha, “Gazprom” uch oydan ko‘proq vaqt ichida ishlamay qolgan “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz transport tizimini Markaziy Osiyo mamlakatlariga gaz yetkazib berish uchun teskari rejimda ishga tushirdi.
Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha tranzit 800 mln kub metrni tashkil qiladi va yil davomida 2,8 mlrd kub metr yetkazib berish kutilmoqda.
Oktabr oyi oxirida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya gaz sohasida yaqin 15 yilga hamkorlik bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishayotganini bildirgandi. Yetkazib berish hajmini oshirish uchun Rossiya kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.