“Masdar” qiymati $2,6 mlrdlik 2 GVt quvvatga ega shamol stansiyasi va energiya saqlash tizimlarini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
27-dekabr kuni ISSV, Energetika vazirligi va BAAning “Masdar” kompaniyasi vakillari yangi shamol elektr stansiyasi va 1150 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash inshootlarini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvlarini imzoladi.
“Mazkur loyiha elektr energiyasi ishlab chiqarishni 7 mlrd kVt/soatga oshirish, 1 mlndan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Sarmoya miqdori $2,6 mlrdni tashkil etadi”, — deya qayd etdi ISSV departamenti boshlig‘i Aziz Hamidov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning qayd etishicha, energiya saqlash inshootlari qurilishi energiya tarmoqlari faoliyatini barqarorlashtiradi. Bu eng tig‘iz paytlarda talab va taklif o‘rtasidagi farqni tenglashtirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, vazirlik va “Milliy elektr tarmoqlari” Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan energiya saqlash tizimlaridan foydalanish bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
“Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonovning aytishicha, tungi vaqtda elektr ta’minotini ta’minlash uchun sakkizta hududga akkumulyatorlar o‘rnatiladi.
Avvalroq prezident oltita “yashil” elektr stansiyasining tayyor segmentlarini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.