2023-yil uchun ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining axborot jihatdan ochiqligining monitoring natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Monitoring iyul va dekabr oylarida Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tkazildi.
Unda yanvardan dekabrgacha davrda 21ta vazirlikning 50ta eng ko‘p o‘qiladigan elektron milliy OAVdagi chiqishlari monitoring qilinib, yakuniy reytingi tuzildi.
Reyting ko‘rsatkichlari vazirlik va ularning mansabdor shaxslari to‘g‘risida chop etilgan maqolalar va ulardagi ko‘rishlar soni, tanqidiy munosabatlar asosida shakllantiriladi.
Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi reytingning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Vazirlikning yuqoridagi me’yorlar asosidagi ko‘rsatkichi 0,96%ni tashkil etgan.
Kuchli uchlikni Adliya hamda Ichki ishlar vazirligi yakunlab berdi. Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham reytingning yuqori pog‘onalarini egallagan.
Reyting natijalari quyidagicha:
T/r | Vazirliklar | Ko‘rsatkichlar (foizda) |
1 | Raqamli texnologiyalar vazirligi | 0,9643 |
2 | Adliya vazirligi | 0,9617 |
3 | Ichki ishlar vazirligi | 0,8089 |
4 | Iqtisodiyot va moliya vazirligi | 0,7196 |
5 | Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi | 0,5907 |
6 | Energetika vazirligi | 0,5892 |
7 | Sog‘liqni saqlash vazirligi | 0,5753 |
8 | Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi | 0,5722 |
9 | Tashqi ishlar vazirligi | 0,5651 |
10 | Favqulodda vaziyatlar vazirligi | 0,5603 |
11 | Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi | 0,4882 |
12 | Mudofaa vazirligi | 0,4343 |
13 | Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi | 0,4166 |
14 | Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligl | 0,3968 |
15 | Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi | 0,3936 |
16 | Yoshlar siyosati va sport vazirligi | 0,3655 |
17 | Suv xo‘jaligi vazirligi | 0,3544 |
18 | Qishloq xo‘jaligi vazirligi | 0,3308 |
19 | Transport vazirligi | 0,2674 |
20 | Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi | 0,2368 |
21 | Madaniyat vazirligi | 0,1575 |
Shuningdek, Transport, Tog‘-kon sanoati va geologiya hamda Madaniyat vazirliklari reytingning eng quyi ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Vazirliklar haqida 2023-yilda internet saytlarda e’lon qilingan maqolalar soni o‘tgan yilgiga nisbatan sezilarli o‘sgan. Shu bilan birga, tanqidiy munosabatlar nisbatida pasayish kuzatilmagan.
Avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlarning ishonchlilik reytingi aniqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.