O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “Inson” markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarning reyestri yuritiladi.
2024-yilning 1-aprelidan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1ta shaxsga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
1-maydan reyestrga kiritilganlarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.
Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarning yo‘qotilgan biometrik pasportlari ular reyestrga kiritilgunigacha “Inson” markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi.
Kelasi yilning 1-martidan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.
1-apreldan Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tarzida fuqarolarga ularning xohish-ehtiyoji bilan qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
2023-yilning iyun oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi. 15-oktabrdan 28ta tuman (shahar)larda eksperiment tarzida markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan aholi “Inson” markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan.