E’tibor bering: maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.


Sohibjamol Kattayeva Surxandaryo viloyati Termiz shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Qalampir.uz saytida faoliyat yuritgan.

Asosiy mutaxassisligi jurnalistika bo‘lishiga qaramasdan, Sohibjamol kitobga bo‘lgan mehri va qiziqishi tufayli noshirlik yo‘lidan davom etadi. 2021-yil 5-aprelda “Factor books” nashriyotiga, 5 oydan so‘ng 5-sentabr kuni kitob do‘koniga asos solgan.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



Biznesning yaratilishi

Universitetning 2-bosqichda o‘qib yurgan paytlarimda “Jamiyat” ijtimoit-siyosiy gazetasida amaliyotchi bo‘lib ish o‘rganganman. Shuningdek, maktabdagi biologiya jurnalida ham mas’ul kotib, ham korrektor va dizayner sifatida faoliyat olib borganman. Bu jarayon men uchun juda katta tajriba maydoni bo‘lgan.

Nashriyot ochish g‘oyasi ilgaridan bor bo‘lgan, lekin tasavvurimda bu juda ham murakkab jarayondek ko‘rinardi. Magistraturaga Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Matbaa bo‘limiga o‘qishga kirganimdan so‘ng, bu yerda nashriyot va bosmaxonalar faoliyati haqida yana ham ko‘proq bilim va tushunchalarga ega bo‘ldim. Ustozim bilan birgalikda bosmaxonada dizayner bo‘lib ish boshlaganman.

U yerda orttirgan tajribalarim asosida, rahbarga xususiy nashriyot ochish taklifini berganman. Buni uddalay olishim, jurnalistika sohasida tahsil olganim va kitoblarni saralay olishimni aytganman. Ular taklifimni qo‘llab-quvvatlashgan. Oldindan mavjud bo‘lgan tashkilotni qayta ro‘yxatdan o‘tkazib berishgan.

“Factor books” raqamlarda

Boshlang‘ich xarajatlar. Ochig‘ini aytsam, boshlanishiga hech qancha mablag‘ sarflamaganmiz. Chunki, biz ustozim bilan bosmaxonada faoliyat yuritardik. Nashriyot sifatida bor bo‘lish uchun 2−3 ta kompyuter va mutaxassislar, nashrga tayyorlangan kitobni bosib beradigan bosmaxona bo‘lsa yetarli aslida.

Buyurtmalar. Aslini olganda kitob savdosi ham mavsumiy hisoblanadi. Misol uchun, talabalar va maktab o‘quvchilarining o‘quv jarayonlari jadallashgan bir paytda kitob sotib olish ham ancha jonlanadi. Bizning kitob do‘konimizda kitoblar buyurtmasi asosan Instagram ijtimoiy tarmog‘imiz va Telegram kanalimiz orqali qabul qilinadi.

Savdo mavsumi yaxshi bo‘lgan paytlari kuniga 20 tadan 30 tagacha buyurtmalar qabul qilamiz. Bu albatta biz e’lon qilgan chegirmalar bilan ham bog‘liq.

Shuningdek, har oyda universitetlar rahbariyati bilan hamkorlikda kitob yarmarkalari ham o‘tkazib turamiz. Bu ham savdo darajasini oshishida bizga katta yordam bera oladi.

biznes g'oya, intervyu, kitob do'koni, tadbirkorlik

Foto: Spot

Xarajatlar

Biz ilk do‘kon sifatida Novza metrosi yonidagi binoda o‘z faoliyatimizni boshlaganmiz. U joy markazda joylashgani va hajm jihatdan kattaligi sabab, ijara narxi biroz qimmatroq edi, oyiga $1200 to‘lar edik. Sotilishi munosabati bilan hozirgi binoga ko‘chdik.

Bu joy oldingisiga qaraganda kichikroq, 84 metr kvadratni tashkil etadi va ijarasi ham shunga yarasha 7 mln so‘mni tashkil qiladi.

Do‘kondagi kitob javonlarini tayyorlatish uchun esa 20 mln so‘m sarflaganmiz.

Reklama. Marketing va reklama uchun ko‘p mablag‘ sarflanmaydi. Asosan ichki imkoniyatlarimizdan kengroq va ko‘proq foydalanishga, mutaxassislarning eng yaxshilarini topishga harakat qilamiz. Instagram va Telegram platformalarining algoritmlaridan kelib chiqqan holda, bizni kuzatayotgan kitobxonlar qanaqa kontentni xohlashi asosida oyma-oy tahlil qilib, materiallar tayyorlaymiz.

Bu o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda va Facebook, Instagram va Telegramda umumiy 40 mingdan ortiq kuzatuvchilarga egamiz.

Xatolar va xulosalar

Odatda o‘zimga va qiziqishlarimga asoslanib izlanganim, sohaga oid bilimlarni egallamaganim mening xatom deb bilaman. Barcha ishlarni o‘z yo‘nalishining mutaxassislariga ishonib topshirganman, ammo, orada qator kamchiliklarga duch kelganmiz.

Shuningdek, boshqaruv bilan bog‘liq masalalarda ham kamchiliklarim bor, ya’ni ko‘ngilchanligim, erkin jamoaviy muhit yaratishga bo‘lgan yuqori darajadagi ishtiyoqim sababli ish jarayonida biroz anglashilmovchiliklarga olib kelardi. Men xodimlarim bilan rahbar sifatida emas, hamkasb sifatida ish olib borish prinsipini tanlaganman, tushunib yetdimki, biroz nazorat ham kerak ekan.

biznes g'oya, intervyu, kitob do'koni, tadbirkorlik

Foto: Spot

Raqobatchilar va talab haqida

Mamlakatimizda nashriyot va kitob do‘konlari ochish tizimi yildan-yilga yangilanayotgani sari ularning soni oshib bormoqda. Buning barobarida kitob turlari ham rivojlanmoqda. Bu albatta quvonarli, chunki yangidan-yangi kitob nashriyotlari va do‘konlariga talab yuqori ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Va mana shu kitob do‘konlari o‘zining qadriyatlari, imkoniyatlari, tashkil qilingan vaqti va tajribasi bilan bir-biridan ajralib turadi. Ular o‘zlarida bor barcha imkoniyatlardan foydalanib, o‘quvchi e’tiborini qozonishga muvaffaq bo‘lmoqda. Kitob o‘qish va sotib olish insonlarning kundalik ehtiyojiga aylanib bormoqda.

Maslahatlar. Avvalo, kitob do‘koni ochish niyatida bo‘lgan har bir inson uning shaklini, ya’ni onlayn shakldami yoki oflayn — tanlab olishi kerak. Agar oflayn shaklda ochadigan bo‘lsa, birinchi navbatda qaysi lokatsiyada ochish masalasini ko‘rib chiqishi kerak.

Albatta, aholi, talabalar va o‘quvchilar gavjum bo‘lgan manzildan joy tanlash kerak.

Lekin, buni ham o‘ziga yarasha moliyaviy qiyinchiliklari bor, ya’ni moliyaviy jihatlari — ijara narxlarini ham e’tiborga olish kerak. Shu bilan birga, do‘kon ochishdan oldin shu sohaga oid iqtisodiy va huquqiy bilimlarni ham o‘zlashtirish kerak.

Rejalar. Noshirlik ishi mening eng katta orzularimdan biri, shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonda ta’lim bilan bog‘liq jarayonlarda ham ishtirok etishga harakat qilaman. Xususiy maktab va bog‘cha, universitetlar ochishni reja qilganman. Buning uchun o‘z ustimda tinimsiz ishlashga harakat qilaman.