Husan Boymurodov 2003-yili Qashqadaryoda tavallud topgan. Avvaliga u o‘rta ta’lim maktablarida tahsil oladi, 2019-yil Toshkentda Prezident maktabi ochilgach boshlang‘ich ta’limni shu yerda davom ettiradi. 2023-yil Malayziyaning Malaya universitetiga o‘qishga kiradi. Hozirda mazkur oliygohning Computer Science fakulteti 1-kurs talabasi.


Nega Malayziya?

Aslida chet elga ketish istagi Prezident maktabida o‘qib yurgan paytlarimda paydo bo‘lgandi, сhunki undan avval O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasiga topshiraman deb niyat qilib yurardim.

Maktabimizda har xil chet el oliygohlari haqida ko‘p aytishardi. Sinfdoshlarim ham xorijda o‘qiydigan tanishlarini, u yerdagi o‘qish jarayoni haqida so‘zlab berardi. Shu sababdan men ham qiziqib, 11-sinfimdan boshlab xorijdagi universitetlarga hujjat topshira boshladim.

Boshlanishiga mavqeyi baland bo‘lgan TOP-20 talik universitetlariga ketma-ket hujjat topshirgandim. Ammo ulardan rad javobi kelganligi menga juda ham yomon ta’sir qilgandi. Lekin boshqa sinfdoshlarimga ham shunday javob kelganligini aytganida faqat menda emas ekan deb tog‘ri qubul qilgandim.

Shunday qilib keyingi urinishlarimdan boshlab bir nechta universitetlarga qabul qilina boshladim, lekin men istagan va yuqori reytingga ega bo‘lgan universitetlardan 100%lik full-ride (o‘qish va yashash mablag‘lari bilan ta’minlovchi) grant yuta olmadim. Shu kabi grant taqdim qilgan universitetlarning reytinggi esa ma’qul kelmagandi.

Shu sababdan ham “El-yurt Umidi” jamg‘armasiga hujjat topshirib ko‘rishni maqul ko‘rdim, ammo qabul qilinishimga 1 ball yetmay qolgan va shu bilan chet elga ketish rejasi tugadi.

Shu orada sinfdoshim Toshkendagi Britaniya menejment universiteti haqida aytib qoldi va unga ham qiziqib topshirib ko‘rdim. Universitet menga butun bakalavrlik davri uchun grant ajratganligi sabab u yerda o‘qishni boshladim.

Ammo yana chet el universitetlariga o‘qish istagi paydo bo‘la boshladi. Boshlanishiga Avstraliya, Buyuk Britaniya, AQSh va Malayziya universitetlariga qabul qilinganman va shular orasidan Malayziya universitetini tanlagandim.

Bunga sabab esa, birinchidan, Malayziya rivojlanib kelayotgan musulmon davlatlardan biri bo‘lganligi va Malaya universiteti ham TOP-100lik universitetlar qatoriga kirardi. Shuningdek, bu yerda harorat doimiy ravishda issiq bo‘lib turishi yoqardi. Bundan tashqari islom moliyasiga ham qiziqib ko‘rganimda ushbu davlatda rivojlanish yuqori ekanligini ko‘rsatgan.

grant, malaysia, xorijda ta'lim

Foto: Husan Boymurodovning shaxsiy arxividan

Universitetga hujjat topshirish

Malayziya universitetlariga hujjat topshirishda boshqa davlat universitetlariga o‘xshab ko‘p hujjat talab qilinmaydi. Qabul jarayoni 1 oydan 40 kungacha davom etishi mumkin. Dastlab universitet sizning hujjatlaringizni ko‘rib chiqishi uchun $70 to‘lov qilishingiz zarur.

Kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar esa:

  • pasport;
  • IELTS-sertifikati;
  • maktabni yoki kollej va litseyni tugatganlik haqida diplom.

Agarda qo‘shimcha yutuqlaringiz bo‘lsa, ularni ham topshirish mumkin va bu sizga ustunlik beradi.

IELTS-sertifikati bo‘yicha sizni qaysi yo‘nalishga topshirganingizga qarab har xil darajaga so‘rashadi. Ba’zilarda 5,5 yoki 6. Meni darajam 7 bo‘lganligi sabab bemalol topshirgandim.

Universitetga hujjatlarimni 2022-yilning may oyida topshirgan bo‘lsam, undan so‘ng universitet tomonidan onlayn-suhbat bo‘lib o‘tgandi.

Bu jarayon 15 daqiqadan yarim soatgacha bo‘lishi mumkin. O‘sha vaqt oralig‘ida nima sabab bu universitet va sohani tanlaganim haqida so‘rashardi. Buning sababi esa sizni rostdan ham shu sohaga qiziqishingiz bormi, shuni tekshirmoqchi bo‘ladi.

O‘qishga qabul qilinganim haqidagi javob esa onlayn suhbatdan 40 kundan o‘tgach chiqqan.

Chet el grantlari bo‘yicha manbalar

Xorijdagi oliygohlarga hujjat topshirishda eng ishonchli manba o‘sha universitetni sayti deb ayta olaman. Chunki u yerda barcha ma’lumotlar bilan bemalol tanishib chiqish mumkin. Har bir universitet saytning admission bo‘limida kerakli hujjatlar ketma-ket berilgan bo‘ladi.

Shuningdek,grantlar haqida ma’lumot olish uchun dunyodagi TOP universitetlar ro‘yxatini ko‘rsatadigan QS reytingidan ham qidirganman. Saytda juda ham ko‘p universitetlar ko‘rsatilganligi sabab keraklilarini o‘zingiz filtrlab olishingiz zarur.

Aslida grantlar bo‘yicha ma’lumot olish uchun manbalar ko‘p, lekin ularni hammasi ham ishonchli emas. Masalan, Googledan qidirganimizda .com domenli veb-sahifalar ko‘p. Lekin bulardan ko‘ra universitet veb-sahifalarida keltirilgan ilovalar ishonchliroq deb o‘ylayman.

“El-yurt Umidi” haqida. Malayziya universitetlarida bakalavr uchun grant yutish qiyin, deyarli imkonsiz. Chunki ular faqat malay fuqarolariga ajratishi mumkin. Shu sababdan ham men “El-yurt Umidi” jamg‘armasiga hujjat topshirganman.

Hujjatni dastlab Avstraliya universitetiga qabul qilingan vaqtimda topshirgandim. Keyin Malaya universitetiga qabul qilinganimdan keyin esa o‘zgartirib olganman.

Jamg‘armaga birinchi bosqichda hamma ma’lumotlar topshirilib motivatsion xat yoziladi, ikkinchi bosqichda esa suhbat. Hozir test bosqichi ham qo‘shilgan. Suhbat jarayonida biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin — nimanidir yodlab bormasdan o‘z maqsadlaringizni aniq qilib aytib berganingiz yaxshi.

Hozirda mening Malayziyadagi barcha xarajatlarimni ham ushbu jamg‘arma qoplab bermoqda.

grant, malaysia, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Yutgan grantlari haqida

Dastlab Turkiya universitetlariga hujjat topshirishni boshlagan bo‘lsam, shundan Bilkent universitetiga 80%, Koc universitetiga esa 50% ,Yildiz Teknik universitetiga esa (kontrakt, turar joy, yeb-ichish xarajatlarini qoplab beradigan) to‘liq grantni yutgandim.

Shunda hamma xarajatlarimni qoplab beradigan grant yutgan bo‘lsam ham u universitetni tanlamaganman, chunki u TOP-1000 taliklar qatoriga kirmasdi.

Shundan so‘ng AQShdagi Boulder, Cincinnati universitetlariga ham to‘liq bo‘lmagan grantlar yutganman. Bundan tashqari, Polshadagi Varshava, Buyuk Britaniyadagi Glassgow, Koreadagi Yonsei va Avstraliyaning Macquarie universitetlariga ham qabul qilinganman, lekin ular tomonidan grant ajiratilmagan edi. Toshkentdagi Akfa universitetiga esa faqat bir semestri chun grant yutgan edim.

Shuni ta’kidlab o‘tishim kerakki, nechta universitetga kirganim yoki qancha grant yutganim muhim emasdi. Men uchun asosiysi yuqori reytingga ega universitetdan 100%lik kontrakt, turar joy va yeb ichishni qoplaydigan grant yutish hisoblanardi.

Viza haqida

Vizaga universitetdan qabul xati kelganidan so‘ng tezda topshirish kerak — qancha erta boshlasangiz shuncha yaxshi. Malayziyaga vizani Education Malaysia Global Services (EMGS) sayti orqali amalga oshirish mumkin.

U yerda barcha kerakli ma’lumotlar berilgan. To‘lovlar ham birdan veb-sayt orqali amalga oshiriladi. Narxlar esa sug‘urta bilan birga o‘rtacha $500-$750 (bu qancha muddat bo‘lishingizga bog‘liq) oralig‘ida.

Kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar esa:

  1. Universitetga qabul qilinganlik xati.
  2. Chet elga chiqish pasporti.
  3. Oldingi o‘quv yilini tugatganlik haqida guvohnoma;
  4. Tibbiy hujjat (hech qanday kasalligi yo‘qmi, shu kabi)

Ushbu davlatga viza 1 yildan 3 yilgacha beriladi (menga 3 yilgacha berishgandi), shunday bo‘lsa-da uni har yili universitet tomonidan yangilab turish kerak.

Viza holati to‘liq yuz foiz bo‘lguncha bir necha oy o‘tishi mumkin. Bu vaqt ichida viza holati ma’lum bir foizga yetganidan keyin Malayziyaga borish kerak bo‘ladi va buning uchun 3 oy muhlat beriladi.

Men tibbiy sabablarga ko‘ra Malayziyaga kech borganman va shu sabab men borishim uchun berilgan 3 oy muhlat o‘tib ketgandi. Shu kabi qoniqarli sabablar bo‘lsa, tushuntirish xati yozish orqali qayta aloqaga chiqib, hujjatlarni rasmiylashtirishda davom etish mumkin.

Sug‘urta bo‘yicha. Sug‘urta masalasi ham unchalik qiyin bo‘lmaydi. EMGS saytida viza olish jarayonida birgalikda to‘ldirasiz va to‘lov qilish orqali olishingiz mumkin.

Malayziyaga endi keladiganlarga Etiqa Insurance degan sug‘urtani olishni maslahat bergan bo‘lardim — bu chet ellik talabalar uchun juda ham qulay.

grant, malaysia, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Moslashish davri

Malayziyaga 2023-yilning mart oyida yetib kelgan bo‘lsam, bu yerning muhitiga ko‘nikishim unchalik qiyin bo‘lmagan. Muammo bo‘lgan narsalardan biri — yotoqxona topish bo‘lgandi. Ikkinchi semestrga kelganligim sabab yotoqxonalarda joy qolmagan va kvartirada turishga majbur bo‘lganman. Bu esa menga ikki baravar qimmatga tushgandi.

Shu sababdan ham keyingi semestrda xalqaro yotoqxonaga ko‘chganman. Bu yerda har hil davlatdan talabalar bo‘lganligi sabab yolg‘izlanib qolmaysiz va ular bilan suhbatlashib nimanidir o‘rganishingiz mumkin.

Hayron qoldirgan narsalar. Kuala-Lumpur shahri tog‘li hududda joylashgan bo‘lib, tabiati juda ham go‘zal. Har ikki kunning birida yomg‘ir yog‘ishi sabab namlik yuqori.

Bu yerda dastlab malay xalqidan hind va xitoyliklarning ko‘pligi meni ajablantirgan. Asosiy til malay tili bo‘lishiga qaramasdan odamlar ingliz tilida ham muloqot qilishadi. Agarda aholi qo‘shimcha til o‘rganmoqchi bo‘lsa, xitoy tilini o‘rganishar ekan.

Shuningdek, osmono‘par baland binolari ham meni doimiy ravishda hayron qoldirib kelgan. Moliyaviy texnologiyalar, onlayn bozorlar ham juda yaxshi rivojlangan.

Eng qizig‘i, bu yerda katta-katta hayvonlarning oldingizdan chiqib qolishi tabiiy hol. Masalan, universitetga borgunimcha bir to‘da maymunlarning yoki 20−30 smlik kaltakesaklarning yugurib o‘tib ketishi ham tabiiy holat deb ayta olaman. Ular odamlarga ziyon yetkazishmaydi.

Jamoat joylarida navbatga turish juda ham yaxshi saqlangan. Odamlari hattoki avtobuslarga chiqishda ham navbatda turishadi. Avtobuslar bekatga yetib kelganda haydovchi emas, yo‘lovchilarning o‘zi stop tugmasini bosish orqali to‘xtatishadi. Ya’ni qaysi bekat kimga kerak bo‘lsa o‘zlari to‘xtatib tushib ketishadi.

Pul to‘lashda ham bizdan o‘zgacha. Kirish vaqtingizda kartangizni urasiz va sizdan 3 ringgit pul yechib oladi. Manzilga kelgan vaqtingizda esa yana karta bosasiz va yurgan masofangizga qarab qanchadir qismini sizga qaytarib beradi.

Malayziya xalqining katta qismi musulmon bo‘lganligi sababli, halol taom topishda qiynalmaysiz, katta-katta brendlar ham hukumat tomonidan halol sertifikat olgani hayron qoldirgan va quvontirgan.

grant, malaysia, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Ta’lim tizimi haqida

Malayziya universitetlarining bakalavr bosqichiga hujjat topshirish uchun 12 yil o‘qigan bo‘lish kerak. 11 yillik maktabni tugatib topshirish mumkin emas — yana bir yil universitetda yoki qanaqadir dasturda o‘qish zarur.

Bu yerda kredit tizimi bo‘lganligi sabab ham darslaringizni o‘zingiz erkin tarzda tanlay olasiz. Dars jarayonlarida esa doimiy ravishda bir guruhda o‘qimasligingiz sababli bir darsda ko‘rgan talabani boshqa fanda ko‘rmasligingiz mumkin.

Dars davomiyligi qancha bo‘lishi esa sizni qancha kredit olganingizga bog‘liq. Masalan, 3 kredit olsangiz o‘qish haftada 3 soat bo‘ladi. Tanlagan kursingizga qarab shundan 2 soati leksiya, 1 soati esa laboratoriyadan iborat bo‘lishi mumkin yoki aksincha.

Shuningdek, darslarni o‘zingiz tanlaganingiz bilan juda ko‘p fan ola olmaysiz. Masalan, men bu semestrda 4ta fan olganman, chunki ko‘p fanga ulgurish qiyin.

Universitet haqida. Men tahsil olayotgan universitet QS reytingida TOP-100taliklar qatorida turadi. Boshqa universitetlarga nisbatan maydoni jihatdan ham katta. Har bir fakultetning o‘zining alohida binolari bor.

Shuningdek, universitet talabalarga faqat ta’lim berib qo‘ymasdan psixologik tarafdan ham yordam beradi. Karyerani rivojlantirish uchun ham qo‘llab-quvvatlashadi. Har xil klublar, internship va karyera markazlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun har xil kompaniyalarda ishlaydigan xodimlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirib turishadi.

Universitet kutubxonasi dars qilish uchun juda shinam. U 5 qavatdan iborat bo‘lib, har qavati turlicha. Ya’ni bir qavatda kompyuterdan foydalanilsa, boshqasida kitob o‘qib o‘tirish mumkin, yana birida esa jamoa bo‘lib ishlasa bo‘ladi.

Foto: shaxsiy arxiv

Ta’lim tizimining plyus va minus taraflari. Bu yerda ta’lim tizimining yaxshi jihatlari ko‘p. Masalan, o‘qishga kirish oson, tugatib chiqish esa qiyin. Bu talabani o‘z ustida ishlashiga va yaxshi mutaxassis bo‘lib chiqishga sababchi bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Dars jarayonlarida ham zamonaviy uslublardan foydalanishadi. O‘zbekistonda eng ko‘p foydalanadigan Power Point dasturi bu yerda juda eskirgan hisoblanadi. Uning o‘rniga Canva va boshqa zamonaviy dasturlardan foydalanishadi. Bizda talabalar daftar, ruchkadan ko‘p foydalansa, bu yerda planshetdan foydalanish ommalashgan.

Menga yoqmagan taraflari esa talabalar ko‘pligi sabab professorlar bilan individual ishlay olmaysiz. Shuningdek, mas’uliyatning hammasi ham talabani o‘ziga qo‘yib beriladi. Bir tarafdan bir foydali bo‘lishi mumkin, lekin ko‘pchilik hollarda talabalarni qiynab qo‘yadi, deb o‘ylayman.

Ba’zi fakultetlarda darslar haddan tashqari qiyinlashtirilgan bo‘lib, bu talabalarda stress holatini keltirib chiqarishi mumkin.

Talabalarning ishlashi mumkinmi?

Malayziyada talabalarning darsdan tashqari ishlashiga ruxsat yo‘q. Agarda ularning ishlashini bilib qolishsa jiddiy chora ko‘rilishi mumkin. Lekin 1 haftalik yoki undan ko‘proq berilgan dam olishlarda yarim stavka ishlash mumkin. Unda ham yengil ishlar — restoran va do‘konlarda. Bu barcha darajadagi talabalarga oid.

Shuningdek, talabalar o‘qish vaqti bilan bir vaqtda o‘zining sohasi bo‘yicha kompaniyalarda internship (amaliyot)lar o‘tashiga ham ruxsat berilgan. Bunda ham kompaniyalar talabalarga qanchadir miqdorda pul to‘lashadi.

Oylik xarajatlar haqida. Biz talaba bo‘lganligimiz sabab unchalik ham ko‘p xarajat sarflanmaydi. Shuningdek, universitet yotoqxonasida turganligimiz ham bizga ustunlik beradi deb o‘ylayman.

Chunki universitet yotoqxonasida turish kvartiradan arzonroq. Talaba xonadoshlari bilan turadigan bo‘lsa oyiga $100-$200 atrofida to‘laydi, agarda butun xonani bir o‘zi uchun oladigan bo‘lsa — $385. Universitet tashqarisidagi kvartiralar esa $150-$250 oralig‘ida, butun kvartirani olish $400-$500ga boradi.

Kommunal to‘lovlarida esa faqat elektr tokiga ($5-$15 atrofida) alohida to‘lanadi. Lekin boshqa kommunal to‘lovlari kvartira puliga qo‘shilgan. Oziq-ovqat masalasiga kelsak, men universitet yotoqxonasidan ovqatlanaman shu sababdan ham ko‘p sarflamayman.

grant, malaysia, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Har mahalda $2-$3dan sarflanadigan bo‘lsa, oyiga umumiy $200 atrofida. Tashqarida ovqatlanish juda ham qimmat. Har mahalda $4-$5 dan sarflanadigan bo‘lsa, umumiy $400 ketishi mumkin.

Universitet bitiruvchilari muvaffaqqiyatli tarzda ishga joylashsalar, turli sohalarga qarab boshlang‘ich ishda $500-$750dan boshlab oylik maosh olishlari mumkin. Senior darajadagilar $1500dan yuqori olishadi.

Shuningdek, shaharda mashinalarni ijaraga olish ham ommalashgan bo‘lib, bu soatiga 6 ringgit (16,000 so‘m)ni tashkil etadi. Buni asosan Socar dasturi orqali ijaraga olishadi.

Bu yerda jamoat transportlaridan foydalanish ommalashgan. Talabalar uchun esa 50% chegirma mavjud. Ammo transportdan bir marta foydalanish yurgan masofangizga bog‘liq. Bu o‘rtacha 1,3 rinngit oralig‘ida bo‘ladi.

Endi keladiganlarga maslahat

Bilishimcha, O‘zbekistonlik ko‘pchilik talabalar Malayziyadagi APU universitetiga topshirishar ekan. Men reytingi yuqoriroq bo‘lgan universitetlarga topshirishni maslahat bergan bo‘lardim.

Shuningdek, bu yerga kuchli bilim va katta mas’uliyat bilan, universitet haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan holda kelib, universitet yotoqxonasiga joylashganingiz ma’qul. Shunda bu yerga moslashishingiz oson bo‘ladi.

Bundan tashqari, bu yerga IT va iqtisod kabi sohalar yaxshi rivojlangan. Muhandislik bo‘yicha o‘qishni esa maslahat berishmaydi, sababi bu sohada ish topish qiyinroq.

Chunki Malayziya asosan o‘zining xalqiga ko‘proq imkoniyat beradi. Shu sababdan ham soha tanlashda yaxshilab o‘ylab ko‘rish zarur.