2024-yil boshidan buyon Alisher Usmonovning boyligi $259 mlnga kamayib, $20,8 mlrdni tashkil etdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

3-yanvar holatiga ko‘ra, Usmonov “Bloomberg” talqini bo‘yicha dunyoning eng boy 500 kishisi reytingida 86-o‘rinni egallab turibdi.

2023-yil oxirida tadbirkorning boyligi $21,1 mlrdni tashkil qilgan. “The Guardian” nashri Alisher Usmonov sanksiyalarga qaramay, boyishda davom etgani haqida xabar bergandi.

Avvalroq “Forbes” nashri 2022-yilda eng yuqori dividend daromadiga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderlar reytingini e’lon qilgandi.

Bu ro‘yxatga jami 50 nafar rossiyalik kiritilgan bo‘lib, ular qatoridan Alisher Usmonov ham joy olgan.

Xususan, biznesmen mazkur reytingda 64,7 mlrd rubl ($708,7 mln) dividend daromadi bilan 7-pog‘onani egallagan.


Avvalroq “Spot” Germaniya sudi Alisher Usmonovning musodara qilingan mol-mulkini qaytarishga qaror qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sud milliarderga qarshi tergov harakatlari doirasida musodara qilingan mol-mulkni ushlab turishini noqonuniy deb topgan.