Shavkat Mirziyoyev 2-yanvar kuni investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ulushini ko‘paytirish bo‘yicha 2023-yilda qilingan ishlar va 2024-yilga mo‘ljallangan rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘tgan yil yakuni bilan jami $22 mlrddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani, bu avvalgi yilga nisbatan 1,8 barobar ko‘pligi ta’kidlandi.
2024-yilda xorijiy investitsiyalar hajmini yanada ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bunda asosiy e’tiborni elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va charm tarmoqlariga qaratish topshirildi.
Yirik investorlar bilan manzilli ishlash, investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirishda hududlardagi maxsus zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari investitsiya masalalarini hal etishda sanoat tarmoqlari bilan yaqindan ishlashi, asosiy e’tiborni hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratishi shartligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan samarali foydalanish va ularni o‘z vaqtida o‘zlashtirish, ushbu mablag‘larni ustuvor ravishda ijtimoiy, infratuzilma hamda suv xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, joriy yilda grant mablag‘larini jalb qilishni faollashtirib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish vazifalari belgilab berildi.
Yig‘ilishda “yashil” energetikani rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Mamlakatda quyosh, shamol va gibrid turdagi elektr stansiyalarni DXSh asosida barpo etish bo‘yicha umumiy quvvati 6,3 gigavatt bo‘lgan 28ta loyiha doirasida ish olib borilmoqda.
Shundan 2023-yilda xorijiy investorlar bilan birgalikda umumiy quvvati 2,6 gigavattlik 7ta loyiha doirasida dastlabki quvvatlar ishga tushirildi.
Xususan, 27-dekabr kuni prezident ishtirokida Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida 5ta quyosh fotoelektr stansiyasi, Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasi quvvatlari tarmoqqa ulandi.
Hozirda Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy, Fransiya va Shveysariya kabi mamlakatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda “yashil” stansiyalar va energiya saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha 12ta loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Yig‘ilishda o‘tgan yilda boshlangan loyihalarni 2024-yilda to‘liq yakuniga yetkazish vazifalari, kelgusi yillarda “yashil” energiya ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish rejalari muhokama qilindi.
2024-yilda quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 2,6 gigavattga, shamol elektr stansiyalari quvvatini 900 megavattga yetkazish va 400 megavattlik energiya saqlash qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari elektr energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida o‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari qo‘shilishini inobatga olib, tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Bunda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar, uzatish tarmoqlarini qurish, avtomatlashtirilgan himoya tizimlarini, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarini (SCADA/EMS) joriy etish kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, zaxira quvvatlari va energiya saqlovchi tizimlarning tarmoqdagi ulushini ko‘paytirish chora-tadbirlarini belgilash zarurligi ko‘rsatildi.
Yig‘ilishda energetika tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
Energetika tarmog‘iga investitsiya kiritayotgan asosiy xorijiy hamkorlar bilan manzilli ishlash va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida Energetika vazirligining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish topshirildi.
Xalqaro tajriba asosida qishloq xo‘jaligi yerlarida mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun quyosh panellarini o‘rnatish va elektr energiyasini ishlab chiqarish — agrovoltaika amaliyotini joriy etish imkoniyatini o‘rganish va ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq takliflar kiritishga ko‘rsatma berildi.
Avvalroq “Masdar” kompaniyasi yangi shamol stansiyasi va energiya saqlash tizimi uchun $2,6 mlrd investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi. “Gezhouba Group” kompaniyasi esa O‘zbekistonning sakkizta hududiga akkumulyatorlar o‘rnatadi.