Hukumatning tegishli qarori bilan “IT Park” rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

Qarorga muvofiq, ushbu maqomga ega bo‘lgan korxonalar quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqiga ega:

  • multimedia va dizayn xizmatlari (veb-dizayn, grafik dizayn, kompyuter o‘yinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D grafika, vizualizatsiya dizayni, moushen-dizayn);
  • dasturiy mahsulotdan multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish;
  • axborot texnologiyalari sohasida venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish;
  • kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish.

Venchur moliyalashtirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi va haqiqatda “IT Park” yoki uning filialining yuridik manzilida joylashgan bo‘lishi kerak.

Kibersport bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar rezidentlikni olish uchun xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi kerak. Kerakli sertifikatlar ro‘yxati texnopark rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi.

“IT Park” rezidentlari faoliyatini kengaytirish prezidentning 2023-yil maydagi qarorida belgilangan. Shuningdek, u IT-mutaxassislarini ishga joylashtirish bo‘yicha o‘quv markazlari uchun subsidiyalar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralarini tasdiqladi.


Avvalroq “Spot” Ozarbayjonning “Azericard” kompaniyasi startap ekotizimini rivojlantirishga yordam berishi haqida yozgandi.

“IT Park” protsessing markaz bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Tomonlar venchur loyihalar bozorini kengaytirmoqchi.