Farg‘onada Turkiya bilan hamkorlikda zargarlik zavodi tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mahalliy tadbirkor Ulug‘bek Abdurahimov hamda uning turkiyalik hamkorlari Ali Uyanik va Jezmi Shenni qabul qildi.
Tomonlar zargarlik zavodi loyihasini muhokama qildi. Loyihaning umumiy qiymati $10 mlnni tashkil etishi ko‘zda tutilayotgan.
Korxonada oltin hamda kumushdan tayyorlangan zargarlik buyumlari ishlab chiqarilib, ikki yil ichida 300dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, zavod qoshida “Izlanish va rivojlantirish” (R&D) bo‘limi hamda kasbiy ta’lim markazi faoliyat yuritadi. Mahsulotlar ichki bozorga yo‘naltirilib, shu bilan birga, Yevropa va AQSh bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Viloyatda bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan bino-inshootlardan birida ijara asosida ikki oy ichida ishlab chiqarishni boshlashga kelishildi.
Italiyadan buyurtma berilgan yirik jihozlarning yetib kelgunicha, Ekoshahar hududidagi kichik sanoat zonasida zavodning yangi binosi barpo etiladi.
2023-yilning oktabrida zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat berilgandi. Bunda fuqarolar qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqishlari mumkin.