Hukumat qarori bilan 2024-yil 1-yanvardan boshlab pedagoglarga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshiriladi hamda ikkita bosqich bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.

Bunda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim pedagog kadrlari bo‘yicha, birinchi bosqichda — pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda — pedagogik mahorati baholanadi.

O‘rta maxsus va professional ta’lim pedagog kadrlari bo‘yicha, birinchi bosqichda — pedagog kadrning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi, ikkinchi bosqichda — o‘quv fani bo‘yicha bilim darajasi baholanadi.

Avvalroq Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Mazkur markaz ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Shuningdek, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi.


Avvalroq “Spot” maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish tizimi joriy qilinishi haqida yozgandi.

Kelasi o‘quv yilidan menejerlik sertifikatiga ega direktorlar va direktor o‘rinbosarlarining lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.