O‘zbekiston 2026-yilgacha Ai-80 benzin ishlab chiqarishdan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Ishlab chiqarishni to‘xtatish elektromobillarni ommalashtirish va ular uchun infratuzilmani yaratish, AI-92 benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish, gaz quyish shoxobchalari uchun gaz yetkazib berish va boshqa chora-tadbirlar hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” “O‘zbekneftgaz” 2022-yildan boshlab AI-80 benzinini bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati kompaniya Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80 o‘rniga AI-92 benzin ishlab chiqarishga o‘tish niyatida ekanligini maʼlum qildi. O‘tish jarayoni rossiyalik hamkorlar yordamida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Reja “Gazpromneft"ga qarashli “Gazpromneft — Industrial Innovations” kompaniyasi bilan muzokaralar chog‘ida muhokama qilingan. Uchrashuv “Markaziy Osiyoning neftni qayta ishlash va neft kimyosi — 2021” 8-xalqaro konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar Rossiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan aroforming texnologiyasidan foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Aroforming yengil benzin fraksiyalarini katalizator yordamida metanol bilan reaksiyaga kirishtirib, yuqori oktanli benzin olish imkonini beradi.
Kutilganidek, mazkur texnologiya yordamida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori oktanli yoqilg‘i, xususan, AI-92 benzin ishlab chiqarish kengaytiriladi. Bu AI-80 benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish imkonini beradi.