O‘zbekiston MDH davlatlari orasida qozoq unining eng yirik importchisiga aylandi. Bu haqda “Enegryprom.kz” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning yanvar-oktabr oylarida Qozog‘iston xorijga $464,7 mlnlik jami 1,5 mln tonna un yetkazib bergan.

2023-yilning o‘n oyi yakuni bo‘yicha O‘zbekiston 440,7 ming tonna qozoq unini xarid qildi. Bu 2022-yilga nisbatan 33,3%ga ko‘p.

Import hajmi $107,8 mlndan 133,2 mlna oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida ushbu turdagi mahsulotning asosiy xaridoriga aylandi.

Qozog‘iston unining asosiy xaridorlari uchligiga Tojikiston (42,5 ming tonna) va Turkmaniston (33,7 ming tonna) ham kirdi.

MDHdan tashqari davlatlarga $296 mlnlik 1 mln tonna un jo‘natilgan. Asosiy hajm Afg‘onistonga to‘g‘ri keladi: 994 ming tonna — o‘tgan yilga nisbatan 8%ga kam.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Qozog‘iston donini xarid qilish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagani haqida yozgandi.

Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga 1,9 mln tonna mahsulot yetkazib berilgan bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 40%ga o‘sgan.