Rossiyadagi mehnat migrantlari ishga joylashgani to‘g‘risida Rossiya Ichki ishlar vazirligini oldindan xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Bu haqda vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlar saytidagi buyrug‘ida ma’lum qilingan.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan buyruq 7-yanvardan kuchga kiradi.
“Patent olgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat va tuman darajasidagi hududiy organiga patent bergan kundan boshlab ikki oy ichida taqdim etiladi”, — deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, migrantlar tegishli hujjatni rus tilida qo‘lda yoki kompyuterda to‘ldirish kerak bo‘ladi.
Keyin u Rossiya Ichki ishlar vazirligining hududiy organiga topshiriladi. Hujjatga mehnat shartnomasining nusxasi yoki ish beruvchi bilan kelishuvni ilova qilinishi kerak.
Agar kelishuv og‘zaki tuzilgan bo‘lsa, ishni bajarish uchun fuqarolik shartnomasi haqida ma’lumot berish mumkin.
Shundan so‘ng hujjat bosma shaklda IIVning hududiy boshqarmasiga shaxsan kelib yoki pochta orqali yoki davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda topshiriladi.
Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlar deport qilinmasdan jarimaga tortilishi mumkinligi haqida yozgandi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, ular 40 mingdan 50 ming rublgacha jarimaga tortiladi yoki 150 soatdan 200 soatgacha majburiy ishlarga jalb qilinadi.