“UzAuto Motors” avtomobillarni o‘z egasiga topshirishni vaqtincha to‘xtatib turadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“4−8-yanvar kunlari „Chevrolet“ dilerlik markazlarida rejalashtirilgan inventarizatsiya ishlari olib boriladi. Shu sababli, ushbu davr mobaynida avtomobillarni o‘z egasiga topshirish vaqtincha to‘xtatiladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Qayd etilishicha, inventarizatsiya ishlari yakunlangandan so‘ng, dilerlik markazlari faoliyati to‘liq hajmda qayta tiklanadi.

Shuningdek, inventarizatsiya ishlari yakunlangan dilerlik markazlari ro‘yxati qo‘shimcha tarzda kompaniya rasmiy kanallarida e’lon qilib boriladi.


Avvalroq “UzAuto Motors” kompaniyasi dilerlik markazlari orqali avtomobillarni yetkazib berish muddatiga aniqlik kiritgandi.

Tuzilgan shartnomaga asosan, yetkazib berish muddati shartnoma banddida ko‘rsatilgan muddatdan o‘tmasligi kerak, deyiladi xabarda.

Shuningdek, avtomobilni saqlash muddati dilerlik markaziga yetkazib berilgandan so‘ng 5 ish kunidan oshmasligi ko‘rsatilgan.

Agar xaridor ushbu muddat ichida o‘z avtomobilini dilerlik markazidan olib ketmasa, kompaniya avtomobilni navbat tartibi asosida keyingi mijozga berishga majbur bo‘ladi.