Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Takliflarga ko‘ra, tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi.

Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta’minlanadi. Bu sug‘orish tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.

Shuningdek, barcha sug‘orish tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazish, egalari bo‘yicha biriktirish hamda har birining yagona identifikatsion raqamini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

2025-yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi.

Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinadi.

Yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalar uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinishi aytib o‘tildi.

Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14%lik stavkada ajratiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10% bo‘ladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi.

Shuningdek, kreditlarning onlayn ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu borada “Agrobank” tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan.

Endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, o‘rnatilgan tizimlarga kamida 2 yillik kafolat berish va kamida 5 yillik servis xizmati ko‘rsatish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi.

Endilikda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun barcha subsidiya mablag‘larini o‘sha yilning o‘zida to‘lab berish yo‘lga qo‘yiladi.