Yagona portalda pensiya tayinlash uchun ariza topshirish bo‘yicha yangi onlayn xizmat ishga tushirildi.
Xizmatdan foydalanish uchun Yagona portalga kirish va tegishli xizmatni tanlash, undan keyin so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirgan holda ariza yuborish talab etiladi.
Fuqarolarning xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul bo‘lib, ariza natijasi 10 ish kunida taqdim etiladi.
2023-yil noyabr oyida prezidentning “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarori qabul qilingandi.
Qarorda 2024-yildan fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilishi belgilangan edi.
Aholiga pensiya tayinlanganidan so‘ng jamg‘argan pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi ham bekor qilinadi.
Bunda, fuqaro mehnat faoliyati davomida har oylik ajratmalari asosida jamg‘argan mablag‘larni Yagona portal yoki “Xalq banki"ning mobil ilovasi orqali olishi mumkin bo‘ladi.
2025-yilning 1-martidan 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar, shu kunning o‘zida avtomatik tarzda, ya’ni hech qanday hujjat talab etmagan holda tayinlanadi.
Bunda, shaxsga oid ma’lumotlar (fuqaroning yoshi, jinsi), ish staji, ish haqi (to‘langan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining elektron bazalaridan olinadi.
Natijada, fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish hamda o‘zi istiqomat qiluvchi Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.
Pensiya yoshiga yetgan fuqaroga, shu kunning o‘zida pensiya avtomatik tarzda tayinlangandan so‘ng, ularning telefoniga ma’lumot yuboriladi.
Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki uning miqdoriga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish yuzasidan SMS-xabar yuborish tartibi joriy etiladi.
Mazkur hujjat bilan, pensiyalarni avtomatik tarzda tayinlash tartibini amaliyotga joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bunda, 14ta vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasi 2025-yilning 1-martigacha inventarizatsiya qilinib, pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar raqamlashtiriladi.
Pensiya yoshiga yetgan, ammo pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga avtomatik tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi beriladi.
Qonunchilikka muvofiq pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga, uning miqdoriga ta’sir etuvchi qo‘shimcha hujjatlarni istalgan vaqtda taqdim etish huquqi berilgan.
Avvalroq yil oxirigacha pensiyalar miqdori oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Xususan, pensiyalarni inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda jami 14%ga oshirish rejalashtirilgan.