20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20% ga oshmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

“Afrosiyob” yuqori tezlikdagi elektr poyezdlariga chiptalar narxi quyidagicha etib belgilandi:

Toshkent — Buxoro — Toshkent

  • VIP — 636 ming so‘m;
  • Biznes — 462 ming so‘m;
  • Ekonom — 336 ming so‘m.

Toshkent — Qarshi — Toshkent

  • VIP 534 ming so‘m;
  • Biznes 390 ming so‘m;
  • Ekonom 282 ming so‘m.

Toshkent — Samarqand — Toshkent

  • VIP 396 ming so‘m;
  • Biznes 276 ming so‘m;
  • Ekonom 204 ming so‘m.

Qayd etilishicha, narxlar temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr energiyasi — yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini davr talablariga muvofiq saqlash maqsadida oshirilmoqda.

2023-yilning 1-noyabridan yo‘lovchi tashish temir yo‘l chipta narxlariga yangi tarif belgilangandi.

Unga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 60%dan yuqoriroqqa oshirilgandi.

“Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalariga belgilangan yangi narxlari quyidagicha belgilangan edi:

Toshkent-Buxoro-Toshkent:

  • VIP — 530 ming so‘m;
  • Biznes — 385 ming so‘m;
  • Ekonom — 280 ming so‘m.

Toshkent-Qarshi-Toshkent:

  • VIP — 455 ming so‘m;
  • Biznes — 325 ming so‘m;
  • Ekonom — 235 ming so‘m.

Toshkent-Samarqand-Toshkent:

  • VIP — 330 ming so‘m;
  • Biznes — 230 ming so‘m;
  • Ekonom — 170 ming so‘m.

Joriy yilning 20-oktabridan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari 50%ga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 100%ga oshirilishi belgilangandi.

Biroq, bu jamoatchilik etirozlariga sabab bo‘lib, turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Bu bo‘yicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” munosabat bildirib, amaldagi narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, noyabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” 2024-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxini oshirish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingandi.