“Toshkent” xalqaro aeroportida yo‘lovchilarni tushirish/olish yo‘lagiga kirish yo‘l belgilarining yangilanishi munosabati bilan vaqtincha yopildi. Bu haqda “Uzbeksitan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, harakat 7-yanvar kuni soat 09:00ga qadar tiklanadi.

Bu paytgacha, kuzatuvchilar va taksi haydovchilari dastlabki 10 daqiqa bepul bo’lgan avtoturargohdan foydalanishlari mumkin.

Avvalroq “Toshkent” xalqaro aeroportida qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.

Rekonstruksiya natijasida xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni ikki baro barga ko‘payadi, jo‘nab ketish hududiga kirish yo‘llari o‘zgaradi, uchib kelish va uchib ketish zallari yagona majmuaga birlashtiriladi, terminalning ikkinchi qavatida ochiq terrasa paydo bo‘ladi.

Xalqaro terminalni kengaytirish loyihasi 2 bosqichda amalga oshiriladi va 2025-yilning oxiriga qadar davom etadi. Mazkur ishlar yakuniga etgach, o‘tkazish imkoniyati yiliga 13 mln yo‘lovchiga yetkaziladi.

Birinchi navbatda, aeroport maydonining kengayishiga uchib kelish va uchib ketish binolarining fasadlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni birlashtirish orqali erishiladi.

Aeroportga transportda kirish tizimi ham o‘zgaradi: transport vositalari birinchi qavat yoniga kelishadi, yo‘l o‘tkazgich esa binoning bir qismiga aylanadi.

Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yo‘lovchi uchun o‘tish yo‘lagiga ega yangi chegara nazorati hududi paydo bo‘ladi. Mavjud uchib kelish zali ham to‘rttadan sakkizta yuk lentalarini joylashtirishni nazarda tutgan holda rekonstruksiya qilinadi, bu esa ko‘proq parvozlarga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Aviatsiya xavfsizligi tekshiruv hududi ham kengayadi. Havo kemalariga chiqish uchun kutish maydonida — 800 o‘rinli kutish joyi va ovqatlanish hududi qurib bitkaziladi.

Toshkent aeroporti uchun o‘ziga xos yangilik — uchish maydonining ikkinchi qavatida shaharga qaragan deyarli 5 ming kvadrat metr maydonga ega ochiq terrasa paydo bo‘ladi.

Uchish terminali bo‘ylab yangi o‘tish galereyasi quriladi, bu teletrap bo‘ylab o‘tuvchi, kelgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratish imkonini beradi.

Uchib kelgan yo‘lovchilarga ko‘chaga chiqmasdan terminal binosiga kirish imkoniyatlarini oshirish uchun ikkita qo‘shimcha teletrap sotib olinadi.

Rekonstruksiyadan so‘ng poytaxt aeroportida 6 ta teletrap ishlaydi, chiqish darvozalari soni esa 12 tani tashkil etadi.

Ushbu qurilish va rekonstruksiya ishlarining muhim bosqichidan biri bu — bagajga xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilishdir.

Yangi tizimning o‘rnatilishi bilan aeroport real vaqt rejimida har bir yo‘lovchining aeroport majmuasi ichidagi yuklari harakatini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu esa yuklar yo‘qolishini minimallashtirish va ularni samolyotga yanada tezroq yuklash imkonini beradi. Shuningdek, yuklarni saralash uchun yangi maydon va xizmat ko‘rsatish uskunasining o‘rnatilishi ayrim reyslar yo‘lovchilariga parvozdan ro‘yxatdan o‘tish va bagajni topshirishni 24 soat oldin amalga oshirish imkonini beradi.